1-apreldan boshlab Toshkent aeroportining uchib kelish zalida E-auksion.uz elektron platformasida tanlov asosida g‘olib deb topilgan Sixt Uzbekistan brendi ostidagi taksi xizmati (Avtobus Rent kompaniyasi) ishlay boshladi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qildi.

Yangi taksi xizmatining ishlash texnologiyasi ikki yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan Taxi Airport Tashkent taksi xizmati bilan bir xil — yo‘lovchilar uchib kelish zalidagi peshtaxtaga kelib kerakli manzilni aytadi, kompaniya xodimi masofani tarif bo‘yicha hisoblab chiqadi va xizmat haqini e’lon qiladi. Yo‘lovchi naqd pul yoki karta orqali to‘lovni kassada yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri mashinada amalga oshirishi mumkin.

Aeroportda ishlash uchun kompaniya bir nechta tariflarni taqdim etdi: “Standart”, “Komfort” va “Biznes”. Sayohatning minimal narxi — 60 000 so‘m. Shuningdek, aeroportda yangi taksi xizmati ochilishi munosabati bilan kompaniya ikki haftalik aksiya e’lon qiladi — 15-aprelga qadar barcha mijozlar “Komfort” tarifidan “Standart” tarifi narxlarida foydalanishlari mumkin.

Taksi xizmati parki Chevrolet, Toyota, Kia, Skoda, Hyundai, Golden Dragon va boshqa mahalliy va xorijiy avtomobillardan iborat. Zarur hollarda yo‘lovchilar 6 dan 19 o‘rindiqqacha ega bo‘lgan mikroavtobuslardan foydalanishlari mumkin, deyiladi xabarda.

Toshkent aeroportidagi birinchi rasmiy taksi 2022-yil 12-sentabr kuni ishga tushgandi.