26-apreldan 12-mayga qadar Toshkentda sakkizinchi xalqaro jazz festivali bo‘lib o‘tadi, deb xabar qildi Madaniyati va san’atni rivojlantirish jamgg‘armasi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Festival YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi shafeligida butun dunyoda nishonlanadigan 30-aprel — Xalqaro jaz kuniga mo‘ljallanib o‘tkaziladi.

“YUNESKO tinchlik, muloqot va o‘zaro hamjihatlikni rag‘batlantirish vositasi sifatida jaz kuchiga ishonadi, shu bois 2011-yilning noyabr oyida YUNESKO Bosh konferensiyasi jaz va uning sayyoramizning barcha burchaklaridagi kishilarni birlashtirishdagi diplomatik roliga urg‘u berish maqsadida 30-aprelni Xalqaro jaz kuni deb e’lon qilgan”, — deyiladi jamg‘arma xabarida.

2024-yilda O‘zbekistonda xalqaro jaz festivali sakkizinchi bor o‘tkaziladi. Festivalning barcha konsertlari “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi ortidagi ochiq osmon ostida o‘tkaziladi. Unga kirish bepul.

Festival dasturida Fransiya, Germaniya, Indoneziya, Isroil, Polsha, Ruminiya, Ukraina va Shveysariyadan tashrif buyuradigan jaz ijrochilari va guruhlari ishtirok etadi. Jamg‘arma taklifiga binoan festivalda Gregori Porter (AQSh), Kenni Garrett (AQSh), Igor Butman (Rossiya) va boshqa musiqachilar qatnashadi.

27-aprel kuni festivalda O‘zbekistondan, o‘tgan yilda bo‘lgani kabi, Jazzirama guruhi ishtirok etadi. 30-aprelda esa mahalliy jazning turli avlod vakillari va harakatlarini tamsil etuvchi ijrochilar ishtirokidagi konsert marafoni bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, festival dasturidan madaniy muloqot va erkin ijodiy suhbatlar uchun maydonni yaratish maqsadida O‘zbekiston musiqachilari va xorijiy mamlakatlar vakillarini birlashtiruvchi mahorat darslari o‘rin olgan.