Toshkent shahri Chilonzor tumanida itlar ortidan kelib chiqqan janjal paytida erkak ikki qizga tajovuz va tahdid qilib, ularni urdi. Jabrlanuvchilardan birining otasi “Gazeta.uz"ga voqea aks etgan videolarni yubordi, videolar ijtimoiy tarmoqlar va OAVda ham tarqatildi.

Jabrlanuvchilardan birining aytishicha, 26-mart kuni u singlisi (17 va 18 yoshli qizlar) bilan mahallada ikkita itini sayr qildirayotgan bo‘lgan. Shu payt ular ikkita alabay iti bilan yurgan erkakni uchratgan.

“Alabaylardan biri mening itimga hujum qildi va uni tishlay boshladi. Egasi bizga yugurib kelib, itimizni bu yerdan olib ketishimizni, uning ko‘chasida yurganimizni, “o‘z Koreyamizga borishimiz"ni aytib baqirdi. Zo‘rlash, o‘ldirish, meni va oilamni ta’qib qilishi haqida turli tahdidlar qildi”, — dedi qiz.

Erkak uning singlisini tepmoqchi bo‘lganda qiz unga qarab qichqirgan va holatni suratga olishni boshlagan, bunga javoban erkak uni urgan (video rakursi o‘zgarganiga qaraganda, qiz o‘sha vaqtda yiqilib tushgan). So‘ng u yana do‘q-po‘pisa qilgan, qizlardan birining yuziga urib, boshqasini tepgan.

Videolarning birida navbatdagi tajovuzdan so‘ng erkak orqaga qadam tashlayotib, shu yo‘ldan o‘tib ketayotgan keksa odamni yiqitib yuborgani ko‘rinadi. Voqea joyida ikki nafar yosh bola ham bo‘lgan.

Jarohat olgan qizlarning otasi huquq-tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qilganini aytdi.