19-mart kuni soat 21:15 atrofida Jizzax viloyati Forish tumanida mast holdagi haydovchi piyodani urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, tumanning “Egizbuloq” mahallasida 45 yoshli haydovchi Nexia 2 mashinasi bilan harakatlanib kelib, yo‘l chetidan ketayotgan 20 yoshli piyodani urib yuborgan. So‘ngra jabrlanuvchiga birinchi yordamni ko‘rsatmasdan voqea joyidan qochib ketgan.

Oqibatda piyoda og‘ir tan jarohatlari olgan. Uni o‘sha yerda bo‘lgan hamkasbi shifoxonaga olib borgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan yigit vafot etgan. Halok bo‘lgan yigit Milliy gvardiya xodimi bo‘lgan.

Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Haydovchi ayblanuvchi tariqasida ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.