29-mart kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda 30 nafar rahbarga intizomiy jazo ko‘rilgani ma’lum qilindi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yig‘ilish “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish hamda chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan.

Davlat rahbari viloyat va tuman hokimlarining qurilish, kommunal va ekologiyaga javobgar o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar tizimidagi mas’ul rahbarlarning bu boradagi faoliyati ko‘rib chiqilgani, ulardan 30 nafariga nisbatan intizomiy jazo ko‘rilganini qayd etdi.

Jumladan, Kasbi, Qarshi (Qashqadaryo), Baxmal (Jizzax), To‘raqo‘rg‘on (Namangan) tumanlari hokim o‘rinbosarlari ishdan olindi.

Ushbu tumanlar hokimlarining, shuningdek, 6 ta viloyat hokimining (qaysi viloyatlar ekani aytilmagan) o‘rinbosarlari va boshqa rahbarlarga hayfsan berildi. Barcha ekologiya boshqarmalari boshliqlariga sinov muddati tayinlandi.