Jahon prognozlash markazlarining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024-yilgi aprel oyi quruq va o‘rtacha iliq ob-havo bilan boshlanadi, deya xabar berdi O‘zgidromet xizmati agentligi matbuot xizmati.

Oyning birinchi besh kunligida havo +15…+20 daraja iliqqacha isiydi, kechalari harorat +5…+10 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Ushbu davrda respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli ko‘proq. Tekislik hududlarda asosan yog‘ingarchiliksiz ob- havo bo‘ladi, faqat Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 2−3-aprel kunlari ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Aprel oyi birinchi o‘n kunligining ikkinchi yarmida harorat asosan kechalari +8…+13 daraja iliq, kunduz kunlari +18…+23 daraja iliq bo‘ladi. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat kechalari +2…+7 daraja iliqdan +10…+15 daraja iliqqacha, kunduz kunlari +13…+18 dan +25…+30 darajagacha o‘zgarib turadi.

Oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam, ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘ladi.

O‘zbekistonda aprel oyi odatda qanday o‘tadi?

Ushbu oy O‘zbekistonda bahorning ayni qizg‘in davridir — bunda bog‘larda daraxtlar gullashi, sabzavot va mevali ekinlar hosillari shakllanishi boshlanadi.

Aprel oyida havo haroratining keskin ko‘tarilishi davom etadi. Hududning katta qismida aprel oyining o‘rtacha harorati mart oyiga nisbatan 5−7 darajaga yuqori bo‘ladi. Respublikaning shimoli va cho‘l hududlarida havo tezroq isiydi, bunda o‘rtacha harorat mart oyidagi ko‘rsatkichlardan +8…+10 darajaga yuqori bo‘ladi.

Aprel — yilning eng nam oylaridan biridir. Yomg‘ir, odatda momaqaldiroq va kuchli shamollar bilan tez-tez kuzatiladi. Shimolda, eng chekka janubda va respublikaning cho‘l hududlarida o‘rtacha bir oyda 5 kundan 8 kungacha yog‘ingarchilik bo‘ladi, tog‘larga yaqin hududlarda esa yog‘ingarchilik kuzatiladigan kunlar soni 9−13 kunga ko‘payadi.

Meteorologik kuzatuvlarning butun tarixi davomida xilma-xil aprel oylari qayd etilgan.

Juda quruq aprel oylari ham kuzatilgan, bunda oy uchun yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 20−50% dan ko‘p bo‘lmagan, ba’zi joylarda esa umuman kuzatilmagan. 1975-yilning aprel oyi ham shunday bo‘lgan edi. Toshkentda yomg‘ir faqat ikki marta yoqqan va oy davomida yog‘ingarchilik miqdori atigi 2 mm (me’yordan 3%) ni tashkil etgan.

Bu asrda eng quruq aprel oyi 2022-yilda kuzatildi. Toshkentda bir oyda 9 mm (me’yordan 14%) yog‘ingarchilik bo‘ldi. Lekin shunday aprel oylari ham kuzatilganki, unda oy uchun yog‘ingarchilik me’yordan 3−5 marta ko‘p bo‘lgan.

Masalan, Toshkentda 1990-yil aprel oyi meteorologik kuzatuvlar tarixida eng nam bo‘lib, oy davomida yog‘ingarchilik oylik me’yordan 300% atrofida bo‘ldi, yog‘ingarchilik bo‘lgan kunlar soni esa 19 kunni tashkil etdi.

1990-yil 8-aprel kuni Toshkentda yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha mutlaq rekord o‘rnatildi — bunda bir kecha-kunduzda 65 mm yomg‘ir yog‘di, aprel oyining oylik me’yori 62 mm sanaladi.

Aprel oyida yog‘ingarchilikning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri hudud bo‘yicha va hatto bitta shahar atrofida yog‘ingarchilikning o‘ta notekis taqsimlanishidir.

O‘tgan 2023-yilning 2-aprel kuni Toshkent shahrida momaqaldiroq, kuchli shamol, ba’zi joylarda do‘l bilan kuchli jala yomg‘ir yog‘di. Bunda 2,5−3 soat ichida yog‘ingarchilik miqdori: Teleminora hududida — 10 mm, Toshkent-Observatoriya meteostansiyasi (Oloy bozori) hududida — 22 mm va Toshkent Xalqaro aeroporti hududida — 33 mm ni tashkil etdi.

Har 2−4 yilda respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir qorga aylanishi kuzatiladi. Oxirgi marta ushbu holat 2020-yil aprel oyida bo‘lgan, bunda aprel oyi birinchi o‘n kunligining oxirida markaziy va hatto janubiy hududlarning ba’zi joylarida, qishda ham kamdan-kam hollarda yog‘adigan qor yog‘di.

9-aprel kuni ertalab ba’zi joylarda qor qoplamining balandligi 7−20 sm ga yetdi.

O‘zbekistonda qor yog‘ishining eng kechki sanasi — 1989-yil 30-aprel oyida kuzatilgan edi. Bu O‘zbekistondagi kuzatuvlar tarixidagi yagona va ajoyib holatdir.

Aprel oyining harorat foni odatda beqaror bo‘ladi. Havoni bahoriy isishi qisqa muddatga sezilarli salqinlashish bilan o‘rin almashadi.

Isish davrida havo harorati kunduz kunlari +30…+33, ayrim kunlarda +35, janubda +36…+38 darajagacha ko‘tariladi. Ko‘pincha bunday harorat qiymatlari oyning ikkinchi yarmida kuzatiladi.

Salqin bo‘lgan davrda, mart oyidagi kabi tez-tez bo‘lmasa ham, lekin ba’zida kechalari harorat sovuq darajasigacha tushadi. So‘nggi 30 yil ichida sovuqlarning jadalligi −1…−4 daraja sovuqqa yetdi.

2022-yil aprel oyi O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq aprel bo‘ldi, bunda me’yordan 3−5 darajaga iliq bo‘ldi. Ushbu asrda 2009-yilning aprel oyi hududlarning katta qismida eng sovuq bo‘lgan.