Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaga ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘smir qiz otasining turli zo‘ravonliklari haqida gapirayotgani aks etgan video kelib tushdi.

Qayd etilishicha, 16 yoshli M.Sh. va uning 14 yoshli singlisi N.Sh.larning onasi 2018-yilda vafot etgan.

Shundan so‘ng qizlarning otasi N.R. katta farzandiga nisbatan turli uyatsiz-buzuq harakatlar, shilqimliklar qilib, bir necha yil davomida muttasil kaltaklab kelgan, shuningdek, turli haqoratlar bilan uning sha’ni-qadr qimmatini kamsitgan.

Ular bir necha marotaba uydan chiqib ketgani sababli buvisi N.L. nevaralari bedarak yo‘qolgani haqida bergan arizasi tufayli hamda otaning harakatlariga huquqiy baho berish uchun Qarshi shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini boshlagan.

Hozirda voyaga yetmagan M.Sh. va N.Sh. ijtimoiy-huquqiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgani uchun viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan va ularga zaruriy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Holat bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.