Italiyada 16−17-aprel kunlari “O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” ko‘rgazma loyihasining ochilishi bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati.

Ko‘rgazma XX asr birinchi yarmi san’ati tarixining muhim, ammo u qadar ma’lum bo‘lmagan bobini taqdim etadi. U 2 ta bo‘limdan iborat bo‘lib, ikkita joyda: Venetsiyadagi Ka Foskari universiteti ko‘rgazma maydonida “Shakl va ramz” va Florensiyaning Pitti saroyida “Nur va rang” nomi bilan o‘tkaziladi.

Namoyishlarda 172 tadan ortiq rangtasvir asarlari va suratlar taqdim etiladi. Xususan, xalqaro jamoatchilik ilk marotaba ko‘rgazma muhofizlari tomonidan “Sharq avangardi” (Avant-garde Orientalis) deb atalgan Aleksandr Volkov, Nikolay Karaxan, Nadejda Kashina, Yelena Korovay, Mihail Kurzin, Viktor Ufimtsev, O‘rol Tansiqboyev, Usto Mo‘min (Aleksandr Nikolayev) asarlaridan bahramand bo‘ladi.

Shuningdek, birinchi marta O‘zbekiston davlat san’at muzeyi (Toshkent) va Igor Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi (Nukus) sara to‘plamlariga mansub rus avangardi va “Sharq avangardi” asarlarini vizual taqqoslash imkoniyati yaratiladi.

“Nur va rang” bo‘limda Turkistonda 1917-yilgacha faoliyat yuritgan rus oriyentalistlaridan boshlab to O‘zbekistonda madaniyatlararo muloqot va almashinuv natijasida shakllangan milliy rassomchilik maktabi vakillari bilan yakunlangan XX asrning birinchi yarmidagi Markaziy Osiyoning san’atdagi qiyofasini anglashga qaratilgan.

“Shakl va ramz” bo‘limida esa kuratorlar 1921-yilda Maorif xalq komissarligi tasviriy san’at bo‘limi huzuridagi Moskva muzeylar byurosi tomonidan Toshkent san’at muzeyiga yuborilgan avangard kolleksiyasining Markaziy Osiyo rangtasviriga ko‘rsatgan ta’siriga e’tibor qaratilgan.

Ko‘rgazma O‘zbekistoni XX asr san’atining ikkita eng zalvarli muzey sara to‘plamlari o‘rtasidagi bog‘liqlikka urg‘u beruvchi yuqori darajadagi ilk loyihadir, deyiladi xabarda. U jamg‘arma ko‘magida yaratilgan bo‘lib, unga Ka Foskari universiteti huzuridagi Rus san’ati tadqiqotlari markazi (CSAR) dan Silvia Burini va Juzeppe Barbiyeri kuratorlik qiladi.

“O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” ko‘rgazmasining “Nur va rang” bo‘limi Florensiyadagi Pitti saroyida 16-apreldan 30-iyungacha, “Shakl va ramz” loyihasi esa Venetsiyadagi Ka Foskari universiteti ko‘rgazma maydonida 17-apreldan 29-sentabrgacha davom etadi.