Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi Toshkent shahrida o‘z o‘g‘lini boshqa bolani kaltaklashga majburlagan erkakka 10 sutka qamoq jazosi tayinladi. Bu haqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 21-mart kuni 10 yoshli T.M. o‘ziga tengdosh qo‘shnisi X.K. bilan urishib qolgan. T.M.ning otasi E.M. esa ularning janjalini kuzatib, bolalarni ajratmay, aksincha, o‘g‘liga qo‘shnisini urishiga imkon yaratgan va o‘zi ham urishga ko‘maklashgan. Bu holatda erkak bolalar bir-birini kaltaklashiga sharoit yaratgan va janjalni davom ettirishga o‘g‘lini majburlagan.

Tuman hokimligi matbuot xizmati ham holat yuzasidan ma’lumot bergan va ichki ishlar bo‘limi surishtiruv ishlarini boshlagani hamda holatni tuman hokimi shaxsan nazoratiga olganini ta’kidlagan.

Ombudsman idorasi bolalar janjal oqibatida jarohat olmaganini ma’lum qildi.

Sud erkakni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 188−1-moddasi (Voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilish)da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Hibsga olishdan tashqari, otaga BHMning 10 baravari — 3,4 million so‘m miqdorida jarima tayinlandi.