Yaqin o‘n yilliklarda dunyo aholisi qora o‘latdan (14-asrdagi vabo pandemiyasi) keyin birinchi marta kamayishni boshlaydi. Bunga tug‘ilishning keskin pasayishi sabab bo‘ladi, deb yozdi The Telegraph Lancet jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib.

Nashrning eslatishicha, qora o‘lat pandemiyasi sayyoramiz aholisining qisqarishi qayd etilgan tarixdagi yagona davrdir. Tarixchilarning qayd etishicha, kasallik natijasida dunyo aholisi 400 milliondan 350 million kishiga qisqargan.

Aholi o‘sishini saqlab qolish uchun tug‘ilish koeffitsiyenti har bir ayolga 2,1 nafar bola to‘g‘ri kelishi kerak, deb yozadi The Telegraph. 2021-yilda bu ko‘rsatkich butun dunyo bo‘ylab 2,23 ni tashkil etdi. Ammo tadqiqotchilar uning barqaror pasayishiga ishora qilmoqdalar. 1950-yilda dunyoda tug‘ilish darajasi 4,84 bo‘lgan bo‘lsa, 2050-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1,83, 2100-yilda esa 1,59 bo‘lishi kutilmoqda.

Bu 2050-yilda 204 ta davlatdan 155 tasida tug‘ilish darajasi o‘z aholisini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan darajadan past bo‘lishini anglatadi, deb yozadi The Telegraph. 2100-yilga kelib, bunday mamlakatlar soni 198 tani tashkil etadi, ya’ni dunyo aholisining 97 foizini tashkil etadi.

Tadqiqotchilar ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021-yilda tug‘ilish darajasi 2,87 ni tashkil qilgan. 2050-yilga kelib u 2,34 ga, 2100-yilga kelib esa 1,97 ga kamayadi.

Olimlarning ta’kidlashicha, aholi sonining kamayishining ijtimoiy ta’siri “katta” bo‘ladi, chunki keksa odamlar yoshlardan ko‘proq bo‘lib, sog‘liqni saqlash xizmatlari va ishchi kuchiga bosim kuchayadi.

Kelgusi asrning boshiga kelib, faqat 26 mamlakatda tug‘ilish ko‘rsatkichi o‘lim sonidan yuqori bo‘ladi, “dunyoning aksariyat qismi aholining tabiiy qisqarishini boshdan kechirmoqda”, deya qo‘shimcha qiladi tadqiqotchilar. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu ish kuchi tanqisligini to‘ldirish uchun hali ham baby boom`ni (tug‘ilish keskin ortishi) boshdan kechirayotgan mamlakatlardan immigratsiyaning ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Tadqiqot hammuallifi va Vashington universiteti qoshidagi Sog‘liqni saqlash o‘lchovlari va baholash institutining (IHME) yetakchi tadqiqotchisi Natalya Bhattacharjining aytishicha, tug‘ilish ko‘rsatkichlarining pasayishi “jahon iqtisodiyoti va xalqaro balansni butunlay o‘zgartiradi va jamiyatni qayta tashkil etishni talab qiladi”.

“Afrikadan Sahroyi Kabir janubigacha baby boom jadal davom etayotgani fonida muhojirlar o‘rtasida iqtisodiy o‘sishni saqlab qolish uchun kuchli raqobat mavjud. Shu sabab migratsiya va global yordam tarmoqlari bilan bog‘liq muammolarni global tan olish yanada muhimroq bo‘ladi”, — dedi Bhattacharji.