AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) o‘tgan hafta avtomobil sanoatida turli xil ifloslantiruvchi moddalar uchun yangi emissiya standartlarini tasdiqladi. Bu elektr va gibrid avtomobillar sonini ko‘paytirish uchun ishlab chiqilgan mamlakat tarixidagi eng muhim iqlim qoidalaridan biri, deb yozadi The New York Times nashri (NYT).

Yangi emissiya standartlari 2027−2032-yillarda ishlab chiqarilgan yengil va tijorat transport vositalariga (yuk mashinalari bundan mustasno) taalluqlidir. Amaldagi standart bilan solishtirganda, yengil avtomobillar uchun emissiya chegaralari 2026-yildagi modellar uchun 50% ga va o‘rta yuk avtomobillari uchun 44% ga kamayadi.

Umuman olganda, EPA hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi normalar 7 milliard tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqindilari chiqishining oldini oladi va iqtisodiyotga har yili qariyb 100 milliard foyda keltiradi. Shuningdek, havo sifatini yaxshilash orqali sog‘liqni saqlash tizimiga 13 milliard dollar foyda va haydovchilar uchun yoqilg‘i va texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirish orqali 62 milliard dollar foyda olinadi.

Agentlik hisob-kitoblariga qaraganda, agar 2032-yilga kelib AQShda avtomobillar sotuvining 56 foizi elektr transportiga to‘g‘ri kelsa, avtomobil sanoati belgilangan standartlarga javob berishi mumkin (2023-yilda bu ko‘rsatkich 7 foizni tashkil etgan). Bunda gibrid va boshqa qisman elektr transport vositalarining ulushi kamida 13% bo‘lishi kerak.

The New York Times nashrining ta’kidlashicha, yangi EPA qoidalari ma’lum turdagi avtomobillar sotuvini taqiqlayotgani yo‘q. “To‘g‘rirog‘i, avtomobil ishlab chiqaruvchilari butun mahsulot qatori bo‘ylab qat’iy… emissiya cheklovlariga rioya qilishlari kerak. Bunga qanday amal qilishni ishlab chiqaruvchilarning o‘zi hal qiladi”, — deb yozadi gazeta. Limitdan oshib ketgan avtomobil kompaniyalari katta jarimaga tortilishi mumkin.

AQShda avtomobillar karbonat angidrid tashlanmalarining eng katta manbai hisoblanadi. Shu bilan birga, NYT ta’kidlaganidek, elektr transport vositalariga o‘tish ishlab chiqarish, infratuzilma, texnologiya, mehnat, global savdo va iste’molchilar qoidalarida “katta o‘zgarishlar”ni talab qiladi.