Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan terakt yuzasidan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda, ayni paytda qurbonlar soni 93 kishi ekani aniqlangan, deb xabar berdi Rossiya Tergov qo‘mitasi.

“O‘lganlar soni yana ortishi mumkin. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘limga o‘q jarohatlari va yong‘in tufayli zaharlanish sabab bo‘lgan”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi teraktda halok bo‘lganlarning to‘liq bo‘lmagan ro‘yxatini e’lon qilgan, unda 37 kishining ism-shariflari keltirilgandi. Jabrlanganlarning yangilangan ro‘yxatida esa 121 kishi nomi keltirilgan.

“Interfaks”ning Kreml matbuot xizmatiga tayanib yozishicha, Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga 11 kishi, jumladan, “Krokus Siti Holl”da terakt sodir etishda gumon qilinayotgan barcha to‘rt kishi hibsga olingani haqida ma’lum qildi.

Bortnikov Putinga FXX terrorchilarning sheriklarini aniqlash ustida ish olib borayotganini haqida ham xabar bergan.

Ma’lumot uchun, Moskva meri Sobyanin teraktda halok bo‘lganlarning oilalariga har bir qurbon uchun 3 million rubldan to‘lash topshirig‘ini berdi.

Eslatib o‘tamiz, juma kuni tunda sodir etilgan terakt uchun javobgarlikni ISHID-Xuroson (ISHID-K) o‘z zimmasiga olgan. Bu ma’lumotni AQSh razvedka xizmatlari ham tasdiqlagan.