“Abdulla Oripov” filmiga yozilgan ushbu taqriz dastlab “Jahon adabiyoti” jurnalining 2024-yil mart oyi sonida qisqartirilgan shaklda e’lon qilingan. Taqriz muallifi Iqbol Qo‘shshayeva maqolaning to‘liq ko‘rinishini “Gazeta.uz"ga taqdim etdi.

XX va XXI asr boshidagi o‘zbek adabiyotida Abdulla Oripov ko‘rgan shuhrat, e’tirof va ehtirom hali hech bir ijodkorga nasib bo‘lmagan. Shuningdek, u kechingan ruhiyatning chigal so‘qmoqlarini, ma’naviy yutqiziqlarni ham hali hech qaysi o‘zbek adibi ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Abdulla Oripov iste’dodining salmog‘i qadar ziddiyatli shaxsiyat. Shoir hayotini yaqindan bilgan, uning dunyosini xolis idrok etgan odam biladiki, u umrining so‘nggi yillarida o‘zini tinimsiz taftish etgan, goh o‘zidan, goh o‘zgadan yozg‘irgan, ichki “men"i qarshisida ko‘zgu qo‘yib, o‘z holidan hatto achchiq, ammo samimiy kula olgan zot edi.

Unda goh donishmandona vazminlik, goh ehtiros odamiga xos alam, goh zakiy quvlik, hayotsevarlik, mutoyibaga moyillik kayfiyati bahor havosiday almashib turgan. Shoir xatolarga moyil ojiz odam ekanidan tonmagan. Garchi bashar farzandlaridan biri bo‘lsa-da, ko‘plar qatori o‘z zamonining zindonbandi, muhitning mahkumi edi. “Shu davrning bozoriga chiqish, shu joyning mozoriga ko‘milish” qismat bitigi ekanini bir zum ham unuta olmadi. Qaysidir ma’noda bu gap uning o‘ziga bergan taskin, tasallisi edi. Shu bois ham bir qaraganda bus-butun, yana bir qaraganda kemtik qismat egasi sifatida xayollarda gavdalanadi.

Bunday ziddiyatli, murakkab tarixiy siymoning, turfa rang adabiy hodisaning zamondoshlari, egalari, ya’ni oila a’zolari hali hayot bo‘la turib u haqda badiiy film olishga jazm etish kinoijodkordan katta tavakkalni, ma’naviy jasoratni talab qilardi. Chunki maxsus rasmiy tashabbusni ado etish majburiyatining yuki hazilakam ish emas. Shuning uchun filmda ijodiy-intellektual halollikdan ko‘ra, siyosiy javobgarlikning posangisi og‘ir kelishi tabiiy hol. Bunday bosim ostida ijod erkinligi, ilhom sururi, chin dard haqida faqat orzu etmoq mumkin.

Muzaffar Erkinov rejissyorligidagi “Abdulla Oripov” badiiy filmini (ssenariy mualliflari — Minhojiddin Mirzo, Muqaddas Usmonova, Furqat Usmonov va Abduqayum Yo‘ldoshev) shoir umriga bir qur razm solish deyish mumkin. Hayot shomida “kiprikdagi yoshdek” qalqib turgan shoir xotiralari orqali uning bolaligi, yoshligi — muhabbat fasli, adabiyotda o‘rnini topishi va jamoat arbobi sifatida gavdalanish davriga shunchaki ko‘z yugurtiriladi.

Har qanday filmda, u tarixiy-biografik janrda ishlangan bo‘lsa-da katta badiiy niyat — g‘oya yashiringan bo‘ladi. Qahramon qismatining qaysidir qirrasi orqali aytilish zarur bo‘lgan muhim GAP gapiriladi. Masalan, o‘zbek dahosi haqidagi film bilan bir vaqtda katta ekranga chiqqan “Oppenhaymer” (rejissyor Kristofor Nolan) filmida atom bombasining yaralishi g‘oyasi boshidanoq xato bo‘lgani, bu ko‘pgina kulfatlar debochasi ekani uch soat davomida tushuntirilgan. Va Kristofor Nolan iqtidordagi siyosatga dahoning faqat mehnati kerak, o‘zi emas, degan achchiqni haqiqatni kino tili vositasida aytadi.

Abdulla Oripov hayoti namuna qilib ko‘rsatilishi ko‘zlangan filmdagi muhim GAP nimada?

Shoirning olislarda qolib ketgan o‘tmishi — bolaligi aks etgan tasvirlar bolakay Abdullajon (Jasurbek Abdumannopov)ning nigohi kabi yorqin, burro tili kabi tiniq, issiq istarasi kabi samimiy chiqqan. Bo‘lar bola boshidan ma’lum deysiz. Biz qumloq ko‘chalarda chopqillab ketayotgan “qing‘ir”, qitmir bolakayda bo‘lajak shoirga xos quvlikni, topqirlikni, uddaburonlikni, chechanlikni, yoniq nigohni ko‘ramiz. Bir qaynovi ichida bo‘lgan jonsarak. Bolaning birgina “kishtey” deyishida o‘zimizga qardon siymoning qadrdon shumligini ko‘rgandek bo‘lamiz. Biroq Shodmonqul Salom ijrosidagi ulg‘aygan Abdullada bu o‘ziga xoslik, ohanrabolik qayoqqadir g‘oyib bo‘ladi. U mudom jiddiy, o‘ychan, sipo, o‘ta tavozeli, odobi jigarni ezadigan darajadagi silliq shaxs sifatida gavdalanadi.

abdulla oripov, iqbol qo‘shshayeva, o‘zbek kinosi, o‘zbekkino, taqriz

Bolakay Abdullalar uyiga kelgan ziyolinamo mehmon Abdulhamid Cho‘lponning “Ko‘ngil” she’rini daftar yoki kitobga qarab ohang tortib ifodali o‘qishi aks etgan kadr samimiy oqimda oqayotgan taassurotga soya sola boshlaydi. Ko‘rinib turibdiki, Abdullajon hali 10 yoshga to‘lmagan. Chamalashimizcha, voqealar 1950-yilga to‘g‘ri kelyapti. Stalin o‘limiga yana uch yil bor. Mustabid vafot etganida qahramonimiz endi o‘spirinlik ostonasida edi. Cho‘lpon ijodiy merosi esa 1956-yilga kelib oqlanadi. Biroq shunda ham haliveri yuzaga chiqmaydi.

Tayinli nedir deyilmasa-da jadidlar haqida go‘yo gapiriladi. Bu sahna shoir oddiy muhitdan chiqmagan deyish uchun yasalgan. “Gap ham, she’r ham tashqariga chiqmasin” deyiladi. Badiiy tamoyil har qanday tarixiy to‘qimani ko‘taradi deyishingiz mumkin, lekin u davr mantig‘idan chekinish, tarixiy haqiqat tushunchasini inkor etish evaziga bichib tashlanmasligi kerak. Vaholanki, shoirning otasi Orifboy Ubaydulla o‘g‘li jamoa xo‘jaligi raisi, ya’ni partiya ishongan odamlardan bo‘lgan. Rais siyosiy hushyorlikni boy berib qo‘yishi mumkin emas. Yana voqealar adabiy muhitdan ancha olisda, chekka qishloqda ro‘y beryapti. Bu yillarga kelib sovet propagandasi “xalq dushmani” mafkurasi tashviqotida izchil qat’iy ishlagan, bu yot, mash’um g‘oyani xalqqa ancha-muncha singdirishga ulgurgan ham. Stalin fenomeni chinakam dohiyga aylanib bo‘lgan edi. O‘sha chordona gurungda Stalin, Moskva, Kreml devorlari haqida she’rlar qoralagan Ablullajonning holati ancha ishonchli va tabiiy chiqqan.

Manas Leviyevning yurakni entiktiruvchi, shirin xotiralarga chorlovchi kuyi ostida oltmishinchi yillar boshiga, sovet Toshkentiga kirib boramiz. Mashhur musiqa sadosi nekbin tuyg‘ularga boy Abdulla yuragining sasidan darak beradi.

Filmdagi Hanifa aya rolini O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova o‘ynagan. Aktrisa ko‘nikmaga aylanib bo‘lgan, qoliplashgan an’anaviy ijro yo‘sini bilan munisgina, mushfiqqina, ma’sumgina mo‘'tabar o‘zbek ayolining suratini ko‘rsatib beradi. Ekrandagi shoir rafiqasining sadoqati, jonfidoligi ijtimoiy ko‘lamga ko‘tarila olmagan, u maishiy bosqich darajasida qolib ketadi. Gulchehra Jamilovaning Hanifa ayasi go‘yo halimlik jamolining namunasi, chiroyli hoshiyaga joylangan portret. Dramatik yuki, ruhiy zalvori yo‘q obraz. Holbuki, kinoijodkorlar astoydil izlansa, bu qahramonni boyitish uchun materiallar bisyor edi.

Shoirning qizi Ruxsora Oripova ijtimoiy tarmoqdagi “Abdulla Oripov she’riyati” sahifasida ommaga noma’lum qimmatli ma’lumotlarni e’lon qilib boradi. Ayniqsa, 2022-yilning 21-martida e’lon qilingan o‘ttiz bir yillik tarixga ega “Sharqiy Turkiston” she’ri bilan bog‘liq manbada Hanifa Oripova shaxsiyatining film dramaturgiyasida asqotishi mumkin bo‘lgan bir qirrasi ko‘rinadi. Unda Hanifa ayaning quyidagi xotirasi berilgan:

“1991-yilning may oyida Abdulla aka bilan Urumchi shahriga borish nasib etdi. Bizlarni uyg‘ur shoiri Bug‘do Abdullo va ularning umr yo‘ldoshlari Chamanoy opa shaxsiy viza orqali mehmonga taklif etishgan edi… Sayohatimizning ikkinchi kuni hujjatlarni rasmiylashtirish uchun bizni mahkamaga olib borishdi. Rasmiy ishlardan so‘ng shaharni tomosha qilgani otlandik… O‘sha kunlarning birida Abdulla akaga ilhom kelib „Sharqiy Turkiston“ she’rini qoraladilar. Ertalab hali shoir uyqudan uyg‘onmasidan, Bug‘do Abdullo tashvishli holatda kirib keldilar. Ularni tong sahardayoq politsiyaga chaqirishgan ekan. „Abdulla akaga bildirmay she’rni tezlik bilan yo‘q qilish kerak“, dedilar ranglari oqarib. She’rni olib chiqdim. Hali oqqa ko‘chirilmagan she’rni maydalab yirtdik va hojatxonaga oqizib yubordik… Tasodifni qarangki, she’rning bir nusxasi boshqa she’rlar orasida qolib ketgan ekan. O‘zbekistonga kelib topib oldim. Abdulla akaga bo‘lgan voqealarni aytib bersam, „xabarim bor, she’rni yashirib qo‘y“, dedilar”.

She’rda shunday satrlar bor edi:

Sho‘rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston,
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.

Xullas, Abdulla Oripovning ijodiy bisotida bekitib qo‘yilgan xazinalar mo‘l. Yana qanchasi maydalanib oqib ketgan ham bo‘lishi mumkin. Ayol erini, oilasini balo-qazolardan go‘yo shu yo‘l bilan himoya qiladi. Tushunaman, filmda Sharqiy Turkiston bilan bog‘liq voqeani aynan, boricha kiritishga hali tayyor emasmiz. Lekin shoirning hazillashib bo‘lmaydigan qalbini, insoniy dramasini haqqoniy ifodalovchi voqealar badiiy sayqallanib, ishlov berilganda edi, Abdulla Oripov va Hanifa aya siymosi jonliroq, ta’sirliroq chiqardi. Va bu “maxsus tashabbus"ning asl maqsadiga soya solmasdi, aksincha, filmga samimiy tus berardi, san’at asariga aylanishiga yordam berardi.

Shoir hukumat tomonidan har taqdirlanganda, xizmat pillapoyalaridan martabasi yuksala borgan sari bekitib qo‘yilgan she’rlar saqlanadigan papkaning ham semirib, ko‘payib boraverishi, Hanifaning qo‘li fonida qulf o‘rnatilgan g‘aladonning ahyon-ahyonda ochilib yopilishi kadrlari kiritilganda edi, aktrisa Gulchehra Jamilovaning obraz yaratishiga ham imkon yaratilgan bo‘lardi. Ayonki, sobiq ittifoq davrida shoirning xizmatlari Davlat tomonidan ko‘p bor e’tirof etilgan. Masalan, 1972-yili O‘zbekiston Lenin komsomoli mukofoti, 1983-yili O‘zbekiston SSRning Hamza mukofati bilan taqdirlangan. 1989-yili O‘zbekiston Xalq shoiri unvoniga ega bo‘lgan. SSSR xalq deputati edi ham. Bahonada shu ma’lumotlar ham sizdirilardi. O‘nlab she’rlar yo‘qqa chiqishi evaziga mansabu maqomda bir o‘sish yuz beradi.

Yana bir istihola shundaki, mabodo Erkin Vohidov yoki O‘tkir Hoshimov hayotiga bag‘ishlangan film olingudek bo‘lsa, ularning ham ayollari xuddi shu mezonda, xuddi shu qolipda “o‘zbegimning munisgina, mushfiqqina, ma’sumgina dilbar ayollari” seriyasida talqin etilib qolmasmikan? Vaholanki, ularning har biri bir-birini takrorlamagan, o‘zgacha fe’l-atvorga, o‘zgacha jozibaga ega ayollardir.

abdulla oripov, iqbol qo‘shshayeva, o‘zbek kinosi, o‘zbekkino, taqriz

Keksa shoir xayolan olislarda qolib ketgan o‘tmishiga sayr qilar ekan, uning xotiroti mahzun kuzni eslatuvchi sarg‘imtir tusda tasvirlanadi. Go‘yo yashab bo‘lingan voqealarning bari kuzda kechgandek. O‘ylab qaralsa, chindan ham xotiralarning, o‘tib ketgan umrning rangi sarg‘ish-da. Sarg‘aygan umr, xazon bo‘lgan zamon, bir xilliklar ichra, qoliplar ichra kechgan davr, sarg‘aygan qog‘ozlaru sarg‘aygan kitoblar rang-raftorini eslatuvchi tahririyatdagi hayot — puch g‘oyalar illyuziyasi taassurotini uyg‘otadi. Liboslar bo‘yicha rassom ishlari, tasvirchining mahorati davr kayfiyatini boricha ko‘rsata olgan.

Biroq aytish joizki, shoir obrazining zamonga zid qo‘yilishi o‘zbek sovet kinosining uzoq yillik sinashta usullaridan biridir. Mazkur filmda ham ko‘plar obdon yurgan shu yo‘ldan borilgan. Holbuki, asl haqiqat, asl drama va asl joziba shoirning o‘ziga zid kelishidadir!

Daholikni, go‘zallikni va muhabbatni kechirish mushkul. Chunki ular dunyoga siz qabul qilgan, siz me’yoru mezon deb bilgan tuynukdan boqmaydilar. Mana shu eng ravon yo‘l deya taqdim etilgan yo‘lakdan yurmaydi, ular qadamida izdihom qabul qilgan tartibotlar buziladi. Shu bois, o‘zbek zamonaviy she’riyatida yangi havo olib kirgan, adabiy inqilob yasagan Abdulla Oripovga qarshiliklar ko‘p bo‘lgan. U iste’dodi bilan o‘zidan katta avlod vakillarining yostiqday-yostiqday kitoblarini, shularni yozishga sarflangan umrni behuda ekanini o‘zlariga ko‘rsatib bergan edi. Ular to‘g‘ri deb bilgan yo‘lning noto‘g‘riligini isbotlagandi. Bu albatta zamonasoz iste’dodsizlar uchun yoqimsiz ko‘zgu. Tengqurlari uchun ham adabiy mezonning o‘lchovini ko‘tarib beradi, Shukur Xolmirzayev va Nizom Komilov kabi ziyolilar o‘z vaqtidayoq bu hodisani ochiq tan oladidar, poeziya ularga buyurilmaganini ochiq e’tirof etadilar.

abdulla oripov, iqbol qo‘shshayeva, o‘zbek kinosi, o‘zbekkino, taqriz

Mayli edi, bir dahoga bir Dantes to‘g‘ri kelsa. Lekin bir dahoning birgina qah-qahasi o‘nlab danteslarni tug‘dirsa nima qilmoq kerak? O‘zbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov Shotursin Mirvaliyev rolini ijro etar ekan, aktyor iste’dodidan imtiyozi baland zamonasoz, mansabparast kimsa obrazini ishonarli talqin etadi. Qahramonining ichki mantig‘ini topadi. Bundaylar aslida o‘z soyasidan ham hurkiydi. Mana shu soya bilan boshqalarga ham do‘q uradi. Uning boshini xam qilgancha birinchi kotib Sharof Rashidov xonasidan chiqib kelayotgandagi avzoyini bir eslang hamda minbarda Abdulla Oripov ijodini ur-kaltak qilayotgandagi dag‘dag‘asiga qarang… Ular taqib olgan pushti ko‘zoynak voqelikni faqat partiya, davlat, vatan, sovet xalqi manfaatlari va keyingi hukumatning mafkurasiga aylangan mustaqillik siyosati qobig‘idan ko‘radi va tan oladi. O‘zlarining tor tushunchalari bilan iste’dodlilarga kun bermaydi.

Yana bir savol tug‘iladiki, filmda shoir fenomeni O‘zbekiston hududidan, milliy miqyosdan bir qadam ham tashqariga siljimaydi. O‘zbek tilida ijod qiladigan jahon adabiy tafakkuri sohibi ekanini, abadiyat farzandi ekanini tuymaymiz. Faqat yurtini tarannum etgan oshig‘i olchi nomdor adib sifatida namoyon bo‘ladi. Uning she’rlarini rus tiliga Yevgeniy Yevtushekno o‘girgan, u “Ilohiy komediya"ning usta tarjimoni sifatida Italiya adabiy jamoatchiligiga kirib borgan edi. Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, O‘ljas Sulaymonov va Botir Zokirovlar bilan davradosh, dildosh bo‘lgan. Shoirning birgina “Bobo va nabira” she’rini eslaylik:

…Ota, nabirangni ozod qo‘y bir dam,
U hali uzoqqa ketmog‘i darkor.
U hali nomingni ko‘ksiga joylab,
Samolar qo‘ynida urgusidir barq.
Uni qadamingga tashlama boylab,
Qo‘yvor nabirangni, otajonim, Sharq…

Ulkan zaminiy og‘riqni, milliy dardni ko‘ksiga qamagan dunyoviy shoir edi u. Aytishingiz mumkin, hamma narsani birgina filmga sig‘dirib bo‘lmaydi-ku, deb. Lekin aynan kinoning mo‘'jizaviy tili, ekran imkoniyatlari tomchida quyoshni aks ettirishga qodir. Katta iste’dod qamrovini mahalliy chegaralar, milliy miqyoslar bilan cheklab qo‘yish umuminsoniy g‘oyaga xizmat etuvchi san’atning maslagiga ziddir.

“Mana-man degan shoirlarni ortda qoldirish” qismatini ko‘tarish bir kichkina vujudga og‘irlik qiladi. Endi boyaqish iste’dodga panoh kerak, najot devori kerak. U qanday qilib insoniy hislardan mosuvo Klara Xadjayevna qiyofasidagi hukumat bilan bitimga keldi? Qay yo‘llar uni zulm ostonasiga olib keldi? Nechun iste’dod — iblis ermagiga aylanadi? Nega shoir qora kuchni “ezgulik qiluvchi xaloskor kuch” deya olqaydi? Abdulla Oripov fenomeni mana shu azaliy savollarni, mangu iztirobni olib chiqa oladigan ulkan jumboq edi. Uning adabiy qismatida Mefistofelu Volandning salaflari qay darajda tantana qila oldi? Va bu jangda kim mag‘lub bo‘ldi… Ha, aslida Abulla Oripov badiiy qiyofasi Gyote va Bulgakov talqinidagi timsollar bilan teng. Lekin hadiklar ichra shunaqa obrazni yaratish mumkinmi?

abdulla oripov, iqbol qo‘shshayeva, o‘zbek kinosi, o‘zbekkino, taqriz

Go‘yo tugunning bir uchi ko‘rsatilgandek bo‘ladi. Anonim xatlaru Dzerjinskiy rasmi osig‘liq KGB binosidagi suhbat shoir qanday sindirilishiga ishora beradi. Dzerjinskiy maktabining mevalari qanchadan-qancha iste’dodlarimizni mahv etgani, abdullalarimizni o‘sal qilgani haqida og‘ir kayfiyat uyg‘otadi. KGB xodimi rolini ijro etgan aktyor Abror Yo‘ldoshev o‘ziga yuklatilgan vazifani uddalaydi. U yot unsurlarni, xalq dushmanlarini qanchalik ko‘p fosh etsa uning xizmat maqomi ham shunchalik yuksaladi. Qaysidir ma’noda siyosiy xatolar bunaqalarning manfaatiga xizmat qiladi ham. Aktyor odamlik siyoqidan mosuvo odam mohiyatini fosh etib, bo‘rttirib tashlamaydi. U jindek vazminlik, jindek shiddat bilan asl xoinlar kimlar ekani haqida tomoshabin shuuriga xabar yo‘llaydi. Biroq bu beta’sir nusxa qarshisidagi shoirning ichki kechinmalari qay darajada chiqqan? KGB xodimi vajohati uyg‘otgan shoirning o‘z-o‘zi bilan kurashi, o‘zining oldidagi taslimiyati-chi? Qo‘rquvi va chekinishi-chi? Yo‘q, biz haykal sumbatidagi bir odamni ko‘ramiz. Vaholanki, tinimsiz ruhiy to‘lg‘oqlar, shuhratu sha’n kurashlari shoirni Klara Xadjayevnalar kemasiga olib kelgan edi.

Aslida samoviy mujdalar darakchisi qay tariqa yerlashishi, hammalashishi, shoir qo‘rquvi, iste’dod mag‘lubiyati nimaligini Shodmonqul Salom juda yaxshi biladi. Faqat unda aktyorona ifoda, kechinma san’ati yetishmaydi. U o‘ziga begona bo‘lmagan kechinmalarni, ichki kayfiyatini yuz-ko‘z ifodalarida ko‘rsata olmaydi. Holbuki, filmda shu ruhiy evrilishlarni chiqarib bersa bo‘ladigan sahnalar yo‘q emas edi.

Yuqorida ham aytdik, Abdulla Oripov o‘z ko‘ngli avra-astarini ag‘dara olishga qodir jo‘mard shaxsiyat edi. Uning umr shomida yozilgan “Monologi"da shunday satrlar bor:

Men yopiq qo‘rg‘onda yashadim qo‘rqib,
Najot devoriga tirmashdim uzoq.
Sen nega dunyoga qaraysan hurkib,
Nega sen bo‘lishing kerakdir qo‘rqoq?

abdulla oripov, iqbol qo‘shshayeva, o‘zbek kinosi, o‘zbekkino, taqriz

Muhit yaratgan qo‘rquv bora-bora shoir ko‘nglini mahv etdi, endi o‘zi qo‘rquvlar ijodkoriga aylanadi… Filmda aks etgan hayotiy lavhalardan biri: Xalq shoiri eng kerakli paytda xalqi yonida turib bera olmaydi. Navro‘zning Navbahorga aylanish voqeasida zahmatkash xalqning xo‘rlanishi, momolarning — qadriyatlarning o‘tar-ketar zo‘ravonga izzillab zorlanishi, chirqirashi; qaynab turgan sumalakli doshqozonning tuproq bilan to‘ldirilishi … lekin bu jaholatda na shoirning so‘zi, na o‘zi qarshi chiqa oladi. Illat qarshisida tilini tishlash fazilat uchun odat tusiga kira boshlagandi. Chunki yaqinda hukumat uning ko‘ksiga Xalq shoiri unvonini taqib qo‘ygan. Bastakor Muinzodaning musiqasi fonida xalq musibati yanada fojeiy, qayg‘uli tus oladi… Bu kadrni filmdagi eng samimiy, haqqoniy tavsir deb ayta olamiz.

Aktrisa Lola Eltoyeva talqinidagi Klara Xadjayevna ikkinchi muqobil haqiqatga yo‘l qoldirmaydigan sovet propagandasining manqurtlashgan yalovbardori. Ularga o‘z so‘ziga ega shoir kerak emas, labbaygo‘y ijrochi maddoh kerak!

abdulla oripov, iqbol qo‘shshayeva, o‘zbek kinosi, o‘zbekkino, taqriz

San’atshunos Shohrux Abdurasulov “Tafakkur” jurnalida chop etilgan maqolasida bir fikrni aytadi: “Postkolonial tafakkurdan xalos bo‘lish, ya’ni mustabid zamon qoliplarini sindirib, erkin fikr-qarashlarni ilgari surish adabiyotu san’atni har jihatdan yuksaltiradi”. Biroq “Abdulla Oripov” badiiy filmi hali ham o‘zbek kinosi postkolonial tafakkurdan ozod bo‘lgisi kelmayotganini, bunday istakning o‘zi umuman yo‘qligini yana bir bor ko‘rsatdi. Ilgari o‘zbek sovet tarixiy biografik filmlari faqat jonajon partiya manfaatlarini ko‘zlab, sovet mafkurachilari yuragini zabt etishni maqsad qilgan bo‘lsa, bugun bu mezon sal o‘zgardi. Endilikda kinoijodokorning mo‘ltirab turgan ko‘zi mavhum jozibador g‘oyaga emas, faqat aniq shaxsga, oliy martabaga qaratildi…

Yuqorida “Oppenhaymer” filmining g‘oyasi haqida yozdim. “Abdulla Oripov” badiiy filmida esa sen iste’dodingni o‘zing yashagan davrga, hukumatga qanchalik qurbon etsang, seni bu qurbonligingni hech qaysi hukumat unutmaydi, qadrlaydi, degan da’vat sizib chiqadi. Buni bizga film finalidagi fikr aytib turibdi.

Film borasidagi o‘ylarimni kinoshunos olima Shohida Eshonboboyevaning fikrlari bilan yakunlamoqchiman:

“O‘zbek kinosida tarixni to‘laqonli haqqoniy yoritgan birorta asar yo‘q. Va, bunga birorta rejissyor yoki ssenariynavis aybdor ham emas. Buni yodda tutishimiz kerak. „Shoh va shoir“, „din va ma’rifat“ bir-biriga qarshi qo‘yilgan qolip — „sotsialistik realizm“ quygan qoliplardan edi. O‘z davrida bunday qoliplarga ne-ne tarixchi, adabiyotshunoslar qarshi chiqmagan. Lekin bu qolip mustahkam ekan, yetmish yil yashadigina emas, hozirgacha uning ta’siridan chiqish qiyin bo‘lmoqda. Buni „Abdulla Oripov“ badiiy filmi misolida ko‘rishimiz mumkin”.