19-mart kuni boshlovchi va aktyor Olim Hojisharipov 58 yoshda vafot etdi. Bu haqda uning bir qator hamkasb va yaqinlari Facebook’da post qoldirdi.

Telejurnalist va aktyor Husniddin Ergashev “beshafqat o‘lim qadrdon akamizni oramizdan olib ketdi. Uzoq yillar davomida sermahsul ishladik. Takrorlanmas rollaringiz va samimiyligingiz xotiramizda saqlanib qoladi”, deya izoh yozdi.

Aktyor va boshlovchi Anvar Salimov ham post orqali marhum do‘stini xotirlagan.

Shuningdek, “Tuzalib ketishlarini yana ijodga qaytishlarini juda istardik. Ammo o‘lim haq ekan, muborak kunlar nasib qildi. Joylariz jannat bo‘lsin, Alloh rahmatiga olsin. Hammaga kulgi, pozitiv kayfiyat ulashib yurardilar…”, deyiladi boshlovchi Saida Haybatova yozib qoldirgan postda.

Rejissyor Burxan Sharapov ham do‘sti va kursdoshining vafoti bo‘yicha qayg‘uli izoh yozib, u bilan birga tushgan suratlarini ulashdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Olim Hojisharipov bir necha yillardan beri saraton bilan kurashib kelgan.

U telekanallarda faoliyat yuritgan vaqtida hajviy “Gap yo‘q. Maslahat” ko‘rsatuvida boshlovchilik qilgan.