Iqtisodchi Behzod Hoshimov o‘z blogida o‘zbekistonliklarga AQShga kirish uchun ko‘pi bilan bir yillik viza berilishi Qo‘shma Shtatlar qonunchiligidagi “o‘zaro mutanosiblik” talablari bilan bog‘liqligi, o‘zbekistonliklar uzoq muddatli viza olishi imkoniga ega bo‘lishi uchun nimalar qilinishi lozimligi borasidagi mulohazalari bilan bo‘lishdi. “Gazeta.uz” iqtisodchining postlarini juz’iy tahrir bilan havola etadi.

Eshitgan bo‘lsangiz kerak, AQSh hukumati Qirg‘iziston fuqarolari uchun sayyohlik va ishbilarmonlik vizalari muddatini 10 yilgacha uzaytirdi. Bungacha boshqa qo‘shnimiz — qozog‘istonliklarga ham AQSh vizalari shunday uzoq muddatga berilar edi. O‘zbekistonliklarga esa bunday vizalar uzog‘i bilan bir yil muddatga beriladi.

AQShga talaba bo‘lib borgan o‘zbekistonliklarda ham shu ahvol — ularga 1 yillik viza beriladi, ammo qozog‘istonlik talabalarga 10 yillik viza beriladi. Vaholanki, ikkisi ham bir universitetda, bitta dastur asosida o‘qiydi. Bakalavriatga o‘qishga kirgan o‘zbekistonlik to‘rt yil ichida to‘rt marta navbatga yozilib, buning uchun to‘rt marta pul to‘lab, to‘rt marta viza suhbatidan o‘tishi kerak, uning qozog‘istonlik kursdoshi esa bir marta olgan vizasi bilan nafaqat bakalavriatni, kerak bo‘lsa magistratura va aspiranturani ham tamomlashi mumkin.

Savol tug‘ilishi tabiiy — nima uchun AQSh qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolariga o‘zbekistonliklarga qaraganda o‘n barobar uzoqroq muddatga viza beradi? Farqimiz nimada?

Kimdir bunda AQSh hukumatini o‘zbekistonliklarga nisbatan adolatsiz munosabatda ayblashi ham mumkin. Lekin gap shundaki, AQSh qonunchiligida “o‘zaro mutanosiblik” (reciprocity) degan talab mavjud va u barcha mamlakatlarga birdek amal qiladi. Ya’ni, biror bir mamlakat AQSh fuqarolari uchun 10 yillik viza bermasa, AQSh ham o‘sha mamlakatdan kelayotganlarga 10 yil muddatga viza bera olmaydi.

Lekin shunda ham hozir O‘zbekistonga kelmoqchi bo‘lgan amerikaliklardan ko‘ra AQShga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik sayyohlarga yengilroq: AQSh ularga bir yillik turistik viza beradi, u bilan AQShga xohlagancha kirib chiqish mumkin va bir kirganda 180 kungacha mamlakat ichida qolish mumkin. O‘zbekiston esa AQSh fuqarolariga ko‘pi bilan 30 kunlik turistik viza beradi. Ya’ni, O‘zbekistonning amerikaliklarga qo‘yadigan talabi AQShning o‘zbekistonliklarga qo‘yadigan talabidan ancha kuchli.

Amerikalik talabalar O‘zbekistonda o‘qimoqchi bo‘lsa (bundaylar juda kam bo‘lsa kerak), O‘zbekiston ularga faqat bir yillik muddatga viza beradi. Shu boisdan AQSh ham, o‘z qonunchiliga muvofiq, O‘zbekistondan kelgan talabalarga bir yillik viza berishga majbur. Ya’ni, hozir Amerikada “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali o‘qiyotgan talabalarning to‘rt yillik dastur yoki besh yillik doktorantura bo‘yicha kelganini bila turib, AQSh ularga faqat bir yillik viza berishining sababi — O‘zbekiston amerikaliklar talabalarga nisbatan shunday yo‘l tutganidandir.

Biznesda ham xuddi shunday — O‘zbekiston amerikaliklar tadbirkorlarga bir yillik viza bergani uchun, o‘zbekistonlik tadbirkorlar AQShga faqat bir yilgacha bo‘lgan muddatga viza olishi mumkin.

Qo‘shni mamlakatlardagi tashqi ishlarga mas’ullar birinchi navbatda akademik, o‘qish, biznes va sayohat maqsadida kelayotgan amerikaliklarga talablarni yengillashtirgani uchun ham o‘z fuqarolarining AQShga borib-kelishlari ancha osonlashgan.

Biz ham oddiy narsadan boshlasak bo‘ladi: Qozog‘iston amerikaliklar uchun turistik vizani umuman bekor qilgan, faqat o‘qish yoki biznes maqsadida kelmoqchi bo‘lgan AQSh fuqarolariga 10 yillik viza beriladi.

Biz ham amerikalik sayyohlarga, talabalarga va tadbirkorlarga viza muddatini 10 yilgacha uzaytirib bersak, bundan faqat va faqat bizning iqtisodiyotimiz va bizning fuqarolarimiz yutadi. Fuqarolarimiz AQSh elchixonasiga minglab ortiqcha dollar to‘lamaydi, eng muhimi, bu chora vaqtni tejashga imkon beradi.

Hozir AQShda minglab o‘zbekistonlik talabalar bor, aksariyatining o‘qishi O‘zbekiston davlat budjetidan moliyalashtiriladi — ularning og‘irini yengil qilish uchun O‘zbekiston hukumati amerikalik talabalarga viza muddatini uzaytirib berishi mantiqiy yechim bo‘lur edi. Shuningdek, AQShdan investitsiya, texnologiyalar va ilm oladigan, AQSh bilan ishbilarmonlik munosabatlarini olib boradigan o‘nlab o‘zbekistonlik tadbirkorlarni bilaman, ular AQShning 10 yillik vizasini xotirjam olishlari uchun oddiy bir ish qilinishining — AQSh tadbirkorlariga beriladigan viza muddati 10 yil qilib qo‘yilishining hech qanday yomon tarafi yo‘q, deb o‘ylayman. O‘zbekistonning viza talabi kuchli bo‘lgani bois, amerikalik biznesmenlar o‘zbek hamkorlari bilan Qozog‘istonda uchrashishni ma’qul ko‘rgan holatlarini ham bilaman.

Turistik viza masalasida ham shunday qilish mumkin. AQShda yuz minglab o‘zbekistonliklar yashaydi, ularning qarindoshu do‘stlari har yili vizamni yangilayman deb sarson bo‘ladi, holbuki bu sargardonliklarning oldini osongina olish mumkin — O‘zbekistonda amerikaliklar sayyohlarga 10 yillik viza berish yo‘lga qo‘yilsa yoki jahonning 178 mamlakatida bo‘lgani kabi amerikalik sayyohlarga viza tartibi bekor qilinsa kifoya. Bundan biz o‘zimiz ikki hissa yutamiz: ham amerikalik sayyohlarning kelishi ehtimoli oshadi (deyarli hammayoqqa vizasiz borishga o‘rganib qolgan sayyohlar uchun viza rasmiylashtirish boshog‘riq), ham yuz minglab o‘zbekistonliklarning mushkuli oson bo‘ladi.

Bu ishlarni qilish juda oson, foydasi esa juda katta. Bu borada Qirg‘iziston va Qozog‘istondan o‘rnak olishimiz kerak, deb o‘ylayman. AQShning geosiyosiy raqibi hisoblangan Xitoy ham 2016-yildan boshlab amerikaliklarga 10 yillik viza berishni boshlagan — shu tariqa o‘z fuqarolarining AQShga 10 yillik viza bilan kirishiga imkon yaratgan. Vaholanki, bizning AQSh bilan munosabatlarimiz yaxshi.

O‘zbekiston fuqarolari uchun boshqa mamlakatlardagi viza tartiblarini yengillashtirish birinchi galdagi vazifalaridan biri bo‘lishiga qaramay, Tashqi ishlar vazirligimiz jahonning eng katta iqtisodiyoti — AQShga kelganda oson yechimlarni qo‘llamayapti va oqibatda minglab o‘zbekistonliklar oddiy byurokratik omil sabab ko‘p vaqt, pul va energiya yo‘qotmoqda.

Davletovuz’dan qo‘shimcha

“Chindan ham, O‘zbekiston Amerikani olabo‘ji ko‘rishni to‘xtatib (agar muammo shunda bo‘lsa), AQSh fuqarolari uchun viza rejimini bekor qilishi va 10 yillik vizalar berishni boshlashi uchun allaqachon fursat yetib kelgan. Chunki bundan faqat va faqat O‘zbekiston fuqarolari yutadi. Tashqi ishlar vazirligimiz, Amerikadagi elchixonamizning asosiy missiyalaridan biri ham aslida o‘zbekistonliklar uchun qulay viza rejimiga erishish bo‘lishi kerak. O‘zbeklarning qozoq yoki qirg‘izlardan kam joyi yo‘q. Amerikaning oldida ham”.