2024-yil 18-mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Bandixon tuman sudida voyaga yetmagan qizga uylanishini aytib, shilqimlik qilgan 22 yoshli fuqaroga nisbatan sud hukmi o‘qildi. “Gazeta.uz” sud hukmi hujjatini o‘rgandi.

Unga ko‘ra, 2024-yil 16-mart kuni Bandixon tumani “Bandixon” mahallasi hududida, fuqaro J.T. (2002-yilda tug‘ilgan, erkak) voyaga yetmagan qizning qo‘lidan ushlab shilqimlik qilib, unga uylanmoqchi bo‘lgani haqida bir necha bor aytgan. Shuningdek, yigit harakatini davom ettirib qiz uchun nomaqbul bo‘lgan hamda uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan harakat qilgan.

Huquqbuzar J.T. sud majlisida qizni yaxshi ko‘rib qolganini aytgani, shunda qiz unga “Yo‘q” deb javob bergani, u qizga shilqimlik qilmagani, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini aytgan va bu holat boshqa takrorlanmasligini, o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘rab ko‘rsatuv bergan.

Sud J.T.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41−1-moddasida nazarda tutilgan (Shahvoniy shilqimlik) ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga nisbatan 5 (besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

J.T.dan qamoqqa saqlangan har bir kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foiz miqdorida, ya’ni 51 ming so‘mdan, jami 255 ming so‘m saqlash bilan bog‘liq xarajatlar undiriladi.