O‘zbekistondagi birinchi loukoster Humo Air aviakompaniyasi xaridorlarga keltirgan noqulayliklari sababli “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni buzgani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi. Oradan biroz vaqt o‘tib, rasmiy munosabat qo‘mitaning Telegram kanalidan o‘chirildi.

humo air, aviakompaniya, рақобатни rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi

Qo‘mitaning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, xabar texnik sabablarga ko‘ra, qayta sahifaga joylashtirildi.

Humo Air xalqaro yo‘nalishlarda reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani sababli 10-martdan O‘zbekiston bo‘ylab ichki reyslarni vaqtincha to‘xtatdi. Aviakompaniya o‘zida mavjud Bolgariyaning 2 ta “Fly2Sky” kompaniyasi bilan ijaraga olingan samolyotlarni unga qaytarib berdi. Tashkilot mijozlarga oldindan bron qilingan chipta pullarini 30 kun ichida qaytarishini aytgach, foydalanuvchilarning tanqidiga uchradi.

Bundan tashqari, aviakompaniya pullarni qaytarish uchun mijozlar ariza bilan murojaat qilishi kerakligini aytgan.

Ushbu holat Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqilganda, haqiqatan ham, HUMO AIR MCHJ tomonidan 2024-yilda 284 ta aviareys bekor qilingani va aviachipta xarid qilgan yo‘lovchilar pullarini qaytarib ololmayotgani ma’lum bo‘ldi.

Bu bilan aviakompaniya “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 19 va 21-moddalari talablari buzilgani aniqlandi, deyiladi qo‘mita axborotida.

  • 19-modda Ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining huquqlari haqida;
  • 21-modda Shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlari haqiqiy emasligi haqida.

Hujjatga ko‘ra, ijrochi xizmat ko‘rsatish qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart. Shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonunchilikka zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar ularni qo‘llanishi oqibatida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.

Qo‘mita olib borgan o‘rganishlar natijasida Humo Air`ga bugungi kungacha 3000 nafar iste’molchilardan murojaat kelib tushgan. Ulardan 2000 nafar yo‘lovchining murojaati qanoatlantirildi va aviachipta uchun to‘lagan 1 mlrd 500 mln so‘m mablag‘ iste’molchilarga qaytarilishi ta’minlandi.

Shuningdek, 6 nafar iste’molchining talabiga ko‘ra, aviakompaniya o‘z hisobidan boshqa aviakompaniyadan 7 mln 498 ming 758 so‘mga chiptalarni xarid qilib topshirdi. Parvozi amalga oshmagan qolgan yo‘lovchilarga ham pulni qaytarish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.

Raqobat qo‘mitasi foydalanilmagan aviachiptalar uchun iste’molchilarga to‘laqonli to‘lovlarni qaytarish bo‘yicha nazorat o‘rnatilganligini ma’lum qiladi.Aviakompaniya Instagram`dagi sahifasida pullarni qaytarish bo‘yicha ko‘plab arizalarni qabul qilayotganini, lekin to‘lovni qaytarish uchun foydalanuvchilar yuborgan zarur ma’lumotlarning hammasi xam to‘g‘ri va to‘liq emasligi haqida yozgan.

“Aksariyat arizalar qayta-qayta topshirilgan, ulardan ba’zilari allaqachon amalga oshirilgan reyslar uchun, sotib olingan chipta narxidan oshib ketadigan miqdorlar ham ko‘rsatilgan va ayrimlarida kerakli ma’lumotlar mavjud emas. Masalan, kuni kecha ko‘rib chiqilgan 477 ta murojaatdan atigi 97 tasi tekshirildi va qaytariladi, qolganlari noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar tufayli rad etildi”, — deyiladi Humo Air izohida.

Kompaniya yo‘lovchilar pullarini qaytarma to‘lov tizimiga yuborayotganini e’lon qilib boryapti. Mablag‘lar kartalarga 5 kun (UzCard) va 7 kun (HUMO) ichida, odatda undan ham tezroq qaytishi kutilmoqda (bu banklar faoliyatiga bog‘liq).

Shuningdek, shaxsiy hisobiga to‘lovni qaytarishni tanlagan va mablag‘ni yechib olishni talab qilmaydigan mijozlarimiz uchun aprel oyida reyslar qayta tiklanganidan so‘ng o‘rinlarni band qilish va qo‘shimcha yuklar xizmatlarini taqdim etamiz, deyiladi xabarda.