Markaziy bank o‘zining 2024-yil 14-martdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish bo‘yicha qaror qabul qildi, deya xabar bermoqda regulyator matbuot xizmati.

“Markaziy bank boshqaruvi iqtisodiyotda talab va taklif mutanosibligiga erishish bo‘yicha noaniqliklar va inflyatsiyani oshiruvchi kutilmalarning saqlanib qolayotganligini inobatga olib hamda inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasaytirish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi”, — deyiladi xabarda.

Umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayib, fevral oyida 8,3 foizni tashkil etdi. Biroq, so‘nggi oylarda yuqori talab va bir qator tartibga solinadigan narx va tariflarning oshishi fonida xizmatlar inflyatsiyasi tezlashishi kuzatilgan. Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari deyarli o‘zgarishsiz, yuqoriligicha qolmoqda.

“2024-yil oxirigacha inflyatsiya 8−9 foizlik prognoz diapazoni doirasida shakllanishi kutilmoqda. Prognoz davrida tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishi va ularning inflyatsion kutilmalarga ta’siri bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda”, — deya qayd etgan regulyator.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari 2023-yilning yanvar-fevral oylariga
nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sgan.

Regulyator, shuningdek, ayrim tarmoqlarda, xususan yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish dinamikasining sustlashishi qisqa muddatli istiqbolda ichki bozorda talab va taklif nomutanosibligini keltirib chiqarishi yoki importga qo‘shimcha bosimni yaratishi mumkinligini ta’kidlagan.

“Umuman olganda, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari nisbatan yuqoriroq shakllanishi keyingi choraklarda bazaviy prognoz doirasida 5,5−6 foiz bo‘lishi borasidagi kutilmalarni kuchaytirmoqda”, — deyiladi xabarda.

2023-yilgi va 2024-yil boshidagi yuqori fiskal xarajatlar kelgusi choraklarda yalpi iste’mol faolligini qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan bo‘lishi aytilgan.

Regulyator ayni paytda transchegaraviy pul o‘tkazmalarining 2023-yilgi ko‘rsatkichlar doirasida shakllanayotgani hamda aholi real daromadlarining joriy o‘sish sur’atlari kelgusida iste’mol talabiga qo‘shimcha proinflyatsion bosim yaratmasligini qayd etgan.

Mehnat bozorida yuqori faollik va ishchi kuchiga talabning oshishi kuzatilmoqda. Ishchi kuchiga talabning asosiy o‘sishi xizmatlar sohasiga to‘g‘ri kelib, ushbu sohada ish haqilarning yuqori shakllanishga ham olib kelmoqda. Ayni paytda, xizmatlar sohasida narxlar va daromadlarning muntazam oshishi sharoitida iqtisodiyotda mazkur sohalarga investitsiyalar hajmi va joriy iste’mol xarajatlaridagi ulushi ortib boradi.

Import dinamikasida mashina va uskunalar, energetika va neft mahsulotlari, qora metallar importining yuqori o‘sishi davom etishi bir tomondan kelgusida ishlab chiqarish hajmlari oshishiga zamin yaratsa, ikkinchi tomondan savdo balansi taqchilligining saqlanib qolishini ham bildirishi ta’kidlangan.

“Joriy operatsiyalar hisobining muvozanatga kelishi belgilangan fiskal intizomning ta’minlanishi, xorijiy investitsiyalar oqimi va iqtisodiyotni eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan tarkibiy islohotlarning natijadorligiga bog‘liq bo‘ladi”, — deya ta’kidlagan regulyator.

Markaziy bank nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari keyingi choraklarda ham saqlanib qolishini qo‘shimcha qilgan. Banklararo pul bozorida yil boshidan yuqori faollik va pul-kredit instrumentlaridan foydalanish hajmining ortib borishi fonida UZONIA foiz stavkasi asosiy stavkaga yaqin darajada shakllanib boradi.

Jamg‘arish faolligi oshishda davom etib, bu xususan, milliy valyutadagi depozitlar hajmi o‘sishida namoyon bo‘ladi. Umuman olganda, depozitlarning yillik o‘sish sur’atlari kreditlash hajmining o‘sishidan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, banklarning resurs bazasida ichki va xususiy manbalar ulushi ortib borishi, o‘z navbatida, bozor foiz stavkalarida aks etadi.

Regulyator milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarida so‘nggi oylarda sezilarli o‘zgarish kuzatilmaganini qayd etgan. Ayni paytda, pul-kredit siyosati operatsion mexanizmiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar qisqa muddatli pullar narxini pasaytirish orqali kelgusida kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining ham pasayishiga zamin yaratib borishi aytilgan.

“Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan izchil pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi. Bunda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligiga, inflyatsion kutilmalarga va tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarish dinamikasiga alohida e’tibor qaratiladi”, — deya qayd etgan regulyator.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 25-aprelga belgilangan.

Markaziy bank so‘nggi marta asosiy stavkani 2023-yilning 17-martida 15 foizdan 14 foizgacha pasaytirgan va shundan buyon o‘zgarishsiz qoldirib kelmoqda.