Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi 36-sonli maktabda birinchi sinf o‘quvchisini kaltaklagan o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi. Bu haqda bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar qildi.

Tarqalgan videoda o‘qituvchi boshlang‘ich sinflarga dars vaqtida avvaliga o‘quvchi bolani urgani, so‘ng o‘quvchi qizga baqirib, qattiq kaltaklagani aks etgandi. Qiz partasida o‘tirgan bo‘lsa ham, o‘qituvchi uni urishdan to‘xtamagan. Bosh prokuratura holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilayotganini bildirgandi.

O‘rganishga ko‘ra, maktabning boshlang‘ich o‘qituvchisi M.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2024-yil 1-martdan boshlab bekor qilingan.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv natijasida M.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi (Yengil tan jarohati yetkazish) asosida javobgarlikka tortilgan va jarimaga tortilgan.