Toshkent shahrida voyaga yetmagan qizga shahvoniy shilqimlik qilgan 22 yoshli taksi haydovchisi 5 sutkaga qamaldi. “Gazeta.uz” sud qarori hujjatini o‘rgandi.

2024-yil 12-mart kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida shahvoniy shilqimlik huquqbuzarligi sodir etilgani yuzasidan ochiq sud bo‘lib o‘tdi.

Hujjatga ko‘ra, sud majlisida jabrlanuvchining onasi o‘z ko‘rsatuvida ma’lum qilishicha, 2024-yil 9-mart kuni voyaga yetmagan qiziga uyga borishi uchun Yandex Go xizmatidan foydalanib taksi chaqirgan. Yo‘l davomida haydovchi M.G‘. qizga turli mazmundagi savollar bergan va suhbati davomida uning ismini, taksini kim chaqirib berganini so‘ragan. Qiz haydovchiga yoshi 15 da ekanini aytsa ham unga tegajog‘lik qilishni to‘xtatmagan, uning qanday chiroyli ekani haqida shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan so‘zlar aytgan.

M.G‘. o‘z suddagi ko‘rsatuvida aybiga to‘liq iqror bo‘lib, bu kabi holat boshqa takrorlanmasligini, o‘ziga tegishli xulosa chiqarganini, unga nisbatan yengillik berishni so‘radi.

Sud M.G‘.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida (shahvoniy shilqimlik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topib, unga nisbatan 5 (besh) sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

Qamoqda saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar huquqbuzar M.G‘.dan ma’muriy qamoqning har bir sutkasiga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida undirilishi belgilandi.

Avvalroq ham Toshkentda yo‘lovchi ayolga shilqimlik qilgan taksi haydovchisi 5 sutkaga qamalgani haqida xabar bergandik.