Toshkent viloyatida 2 mlrd 284 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy ravishda foydalangan noqonuniy maynerlar aniqlandi. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xabar qildi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Ichki ishlar vazirligi va “O‘zenergoinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, Yangiyo‘l shahrida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan I.N. 10 dona “Antminer L3++” rusumli mayning qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, mayning faoliyati bilan shug‘ullanishi natijasida, davlat manfaatlariga 1 mlrd 19 mln 400 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 1998-yilda tug‘ilgan R.J.ning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u hech qanday ruxsatnomasiz mayning faoliyati bilan shug‘ullanib, 685 mln 939 ming so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilganligi aniqlandi va undan 2 ta to‘plamda bo‘lgan mayning qurilmalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Qibray tumanida kuzatilgan yana bir holatda, 1982-yilda M.S. o‘zining yashash manzilida kriptovalyuta ishlab chiqarish faoliyati bilan qonunga xilof ravishda shug‘ullanib, 3 ta to‘plamda bo‘lgan mayning qurilmalaridan foydalanishi natijasida, elektr energiyasi bo‘yicha davlat manfaatlariga 579 mln 474 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.