Madaniyat vazirligi jamiyatdagi “madaniyatli insonlar”ni aniqlab, ularga madaniy hordiq chiqarishlari uchun bepul chiptalar sovg‘a qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda vazirlik vakili “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.

11-mart kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazirlik boshqarma boshlig‘i Jasurbek Shermuhammedov gaz va elektr energiyasidan qarzi bo‘lmagan, faol va “madaniyatli fuqarolar” uchun keshbek yig‘ib berilishini aytgan edi.

“Gaz va elektrdan qarzi yo‘q, yaxshi yashayotgan, madaniyatli, jamiyatga zarar yetkazmayotgan aholiga keshbek yig‘ib bermoqchimiz. U jamiyat hayotida namunali hisoblanadi. Hozirda ushbu rejamiz ustida ish olib borilyapti. Elektron hukumat doirasida kimning nimadan qancha qarzi borligi to‘g‘risida to‘liq axborotni olish imkoniga ega bo‘lamiz”, — dedi Jasurbek Shermuhammedov.

keshbek, мадаniят vazirligi, madaniyatli insonlar

Madaniyat vazirligi boshqarma boshlig‘i Jasurbek Shermuhammedov. / Foto: AOKA.

“Gazeta.uz” muxbiri vazirlikning yangi loyihasi bo‘yicha bir qator savollarga javob olish uchun boshqarma boshlig‘i Jasurbek Shermuhammedov bilan suhbatlashdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur loyiha tashabbuskori vazirlik hisoblanib, u hali to‘liq ishlab chiqilmagan, integratsiya jarayonlariga biroz vaqt kerak bo‘ladi.

“Nafaqat gaz va elektr energiyasidan qarzi yo‘q fuqarolar, balki sudlanmagan, jamiyat hayotida ma’muriy javobgarlikka tortilmagan, yo‘l qoidabuzarligi bo‘yicha jarimasi yo‘q odamlarga ham platforma orqali ball yig‘ib boriladi va unga qarab reyting tuziladi. Shundan so‘ng yig‘gan ballidan kelib chiqib, „namunali iste’molchi“, „madaniyatli inson“ sifatida baho beriladi. Ularga keshbek emas, davlat tomonidan o‘tkaziladigan bepul tadbirlar: spektakllar, konsertlar va boshqalarga borib, madaniy hordiq chiqarishi uchun elektron chiptalar sovg‘a qilinadi”, — dedi u.

Shermuhammedovning ta’kidlashicha, loyihaga yana qo‘shimchalar kiritilib, u mukammallashtiriladi.

“Reyting orqali aniqlash va rag‘batlantirish mexanizmlari kengroq hamda to‘liq ishlab chiqiladi, buning uchun vaqt kerak. Bugungi kunda elektron hukumatda katta ma’lumotlar umumlashgan va u juda ham yaxshi ishlayapti. Bu borada elektron hukumat mas’ullari bilan ham maslahatlashiladi va elektron hukumat doirasida loyiha tizimlarini birlashtirishimiz kerak. Loyiha mexanizmi to‘liq ishlab chiqilgach, so‘ng Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi”, — dedi Jasurbek Shermuhammedov.