Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida sifati kafolatlanmagan hamda tegishli hujjatlari bo‘lmagan dori vositalarining savdosiga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida yashovchi 35 yoshli fuqaro umumiy qiymati 121 million 800 ming so‘m bo‘lgan — 2400 dona “Ampitsillin”, 1600 dona “Infera”, 1600 dona “Ferrovell jeleza gidroksid saxaroznыy kompleks” va 125 dona “Gonadotropin xorionicheskiy” dori vositalarini Namangan shahridagi dorixonalarga yubormoqchi bo‘lgan.

Biroq shu paytda u ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi davlat muassasasining xulosasiga ko‘ra, ushbu dorilar Davlat reyestriga ro‘yxatga olinmagani hamda Sertifikatlashtirish idoralari tomonidan muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagani aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, saqlash sharoitiga amal qilinmagani bois ularni respublika hududida sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlanadi.

Mazkur shaxs muqaddam shu turdagi jinoyatni sodir etgani uchun 2023-yil Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 165−1-moddasi bilan jarima jazosiga tortilgan, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi 25 yoshli fuqaro Xitoyda ishlab chiqarilgan 3600 dona “S-Gen” nomli dori vositasini 46 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Undan mazkur dorilarning go‘yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi soxta muvofiqlik sertifikati ham ashyoviy dalil sifatida olingan. Bundan tashqari, uning yashash xonadonidan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan 240 dona “ViVaNarin” nomli dori vositasi ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.