“O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasining “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.

Agentlik 2023-yil Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasi tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasiga respublika budjetidan xarid qilingan kompyuter va qurilmalarning texnik topshiriqlarga muvofiqligi hamda mablag‘dan qanday foydalanilganini o‘rgandi.

Yetkazib berilgan kompyuterlarning texnik xususiyatlari o‘rganilganida shartnomada ko‘rsatilgan talablar to‘liq bajarilmagani aniqlandi, deyiladi xabarda. Bu bo‘yicha hujjatlar to‘planib, mas’ullarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.

Departamentning Toshkent shahar bo‘limi aniqlashicha, “O‘quv ta’lim-ta’minot” DM (Hozirda faoliyati tugatilgan) va “Smart Sales Leader” (Mashinalar, uskunalar, sanoat uskunalari, suv kemalari va havo kemalari ulgurji savdosi bo‘yicha agentlar faoliyati) MCHJ shartnoma tuzgan. Unga asosan, jamiyat yetkazib berilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha elektron vositalarni yetkazib bermay, jami 919 mln 360 ming so‘m miqdordagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Ikki tashkilot mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozir dastlabki tergov harakatlari ketmoqda.