O‘zbekiston bo‘yicha ushbu ish haftasi davomida beqaror ob-havo saqlanib turadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

Dushanba kuni hududning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida, kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy viloyatlarida va kechga tomon Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati +15…+20 daraja atrofida bo‘ladi.

Seshanba kuni respublikaning ko‘pchilik viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati +8…+13 darajagacha pasayadi. 11−12-mart kunlari respublikaning ayrim joylarida momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Chorshanba kuni yomg‘ir yog‘adi, yomg‘ir asosan faqat kechasi va ertalab kuzatiladi, kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kunduz kuni ham yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Payshanba kuni respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida jadalligi asosan biroz bo‘lgan yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor. Respublika shimolida va janubida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

13−14-mart kunlari respublika hududiga sovuq havo massalari kirib kelishi davom etadi va 14-martga kelib, havo harorati kechasi 0…+5 darajagacha, kunduzi +3…+8 darajagacha pasayadi.

15-martda respublikaning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati −3…+2, kunduzi +6…+11 daraja bo‘ladi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7−12 m/s tezlikda esadi, 11−12-martda ba’zi joylarda 15−18 m/s gacha kuchayadi.

Toshkent shahrida dushanba kuni kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +17…+19 daraja bo‘ladi. 12-martda yomg‘ir yog‘adi. Shamol tezligi 12−15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi +7…+9, kunduzi +9…+11 daraja bo‘ladi.

13−14-martda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, 14-martda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Harorat kechalari 0…+3, kunduz kunlari +3…+8 daraja bo‘ladi. 15-martda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi −3…+2, kunduzi +6…+11 daraja bo‘ladi.