Ma’naviyat tushunchasining aniq bir chegarasi yo‘q, bu individual tushuncha va har bir insonning o‘zini ma’naviy chegarasi bor. Bu haqda 11-mart kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov qayd etdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Tadbirda oxirgi paytlarda madaniyat sohasi vakillarining ayrimlarini televideniye, ayniqsa, internetda nomaqbul harakatlari tez-tez kuzatilayotgani, vazirlikda ularni nazorat qilish va samarali ta’sir choralari ko‘rish vakolati bor yoki yo‘qligi haqida savol berildi. Qiziqchi Shukrullo Isroilovning yaqinda xususiy telekanallarning birida jonli efir vaqtida qilgan xatti-harakati misol qilib keltirildi.

Vazir Ozodbek Nazarbekov mazkur savolga javob berarkan, bu kabi savollar doim trenddaligi va ko‘p berilishini ta’kidladi.

“Bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerakki, biz demokratik davlatda yashayapmiz o‘rtoqlar. Madaniyat vazirligi bog‘cha opa emas, har bitta soha vakilining oldiga borib, „sen noto‘g‘ri gapirib qo‘yibsan, unday dema, bunday degin“, [demaydi]. Sizlar 40−50 yosh odamlar haqida gapiryapsizlarda. U odamlarga ma’naviyatdan, odobdan gapirishning o‘zida qanchalik mantiq bor? 50 yoshli odamga oddiy bog‘chada gapiradigan yoki maktabda o‘rgatadigan narsalar to‘g‘risida vazir shug‘ullanishi kerakmi? Nima deb o‘ylaysizlar? Bu demokratik normaga tushadimi yoki yo‘qmi? Bunga shunday qarash kerak”, — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, san’at vakillarining tarmoqlarda tarqalgan nojo‘ya harakatlari yoki gap-so‘zlari vazirlik tomonidan o‘rganilib, suhbat o‘tkaziladi.

“Bizni tavsiyaviy xarakterdagi profilaktikamiz mavjud. Bu kabi holatlarga „hech kim indamayapti, Madaniyat vazirligi jim o‘tiribdi“, desalaringiz xato bo‘ladi. Biz mana shunday xurmacha qiliqlar chiqishi bilanoq, o‘sha ijodkor bilan gaplashamiz va ogohlantiramiz, kerak bo‘lsa, yozdirib olamiz. Internetda chiqayotgan xurmacha qiliqlarning birortasi shundayligicha qolib ketgani yo‘q. Lekin ularga chora ko‘rsak, ikkinchi taraf bosh ko‘taradi, liberal taraf mutlaq norozi bo‘ladi. Bu kabi holatlar boshimizdan juda ko‘p o‘tdi va hozir ham o‘tyapti”, — dedi vazir.

Nazarbekovning so‘zlariga ko‘ra, ma’naviyat individual tushuncha va har bir odamning shaxsiy ma’naviy chegarasi bo‘ladi.

“Ma’naviyat tushunchasi, avvalo, har bir insonning ichki madaniyatiga bog‘liq bo‘lgan narsa. Ma’naviyatning chegarasini hamma har xil ko‘radi. Chegaraning uyog‘i ma’naviyatsizlik, buyog‘i ma’naviyat, degan aniq tartib yo‘q. Bu individual tushuncha, har bir insonning o‘zini ma’naviy chegarasi bor, o‘sha chegarani buzmaslik kerak va u chegara xilma-xil bo‘ladi. Kimdir tarmoqdagi o‘z chiqishini yoki xatti-harakatini ma’naviyat, deb o‘ylaydi. Chunki bu uning shaxsiy tushunchasi. Ammo vazirlik tavsiyaviy tarzda doim profilaktika olib boramiz. Bu kabi holatlar bo‘lganida na vazirlik, na „O‘zbekkonsert“ o‘z holiga tashlab, tomoshabin bo‘lib turmaydi”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil fevralida Madaniyat vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov “O‘zbekkonsert”da yig‘ilish o‘tkazib, xonandalarning madaniyatsizligi va saviyasiz ijodini tanqid qilgan edi. Shuningdek, Umra ziyoratidan piar yo‘lida foydalanayotgan va farzandini hujraga topshirgan san’atkorlar haqida ham gapirgandi.