17-martdan 1-iyulgacha Boku shahridagi (Ozarbayjon) Haydar Aliyev markazida “Choklardagi meros: O‘zbekiston kashtachilik va tikuvchilik an’analari bo‘ylab sayohat” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ko‘rgazmada XIX asr oxiri — XX asr boshlariga oid 148 dan ortiq bezakli amaliy san’at namunalari va xalq liboslari taqdim etiladi. U uch qismga bo‘linadi:

  • erkaklar milliy libosining ajralmas qismi bo‘lmish zardo‘zi to‘nlar taqdim etilgan choponlar bo‘limi;
  • Buxoro, Jizzax, Nurota, Samarqand, Shahrisabz va Toshkent so‘zana namunalari namoyish etiladigan kashtachilik bo‘limi;
  • Buxoro, Samarqand va Qoraqalpog‘iston zargarlik buyumlari bo‘limi.

Tashrif buyuruvchilar qadimgi ustalarning kumush, firuza va boshqa qimmatbaho toshlardan yasalgan asarlarini tomosha qiladilar. Shu bilan birga, ko‘rgazma XIX asr oxiri — XX asr boshlaridagi hunarmandchilikning tiklanishini ham aks ettiradi.

Ko‘rgazma ochilishidagi madaniy dastur doirasida 16−17-mart kunlari Ozarbayjon davlat akademik musiqali teatri sahnasida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida ilk bor Ozarbayjonda “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” balet spektakli namoyish etiladi.

Mashhur nemis baletmeysteri Raul Raymondo Rebekning ta’sirchan sahna asari YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy Xorazm raqsi — lazgisiga bag‘ishlangan.