AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonda barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan “Biznesni qo‘llab-quvvatlash” loyihasini ishga tushirdi. 5-mart kuni dasturning taqdimoti o‘tkazildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Qayd etilishicha, biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihasi besh yilga mo‘ljallangan bo‘lib, USAID buning uchun 17,7 million dollar miqdorida mablag‘ ajratishni rejalashtirgan. Mazkur loyiha ikkita asosiy maqsadga erishishga qaratilgan: xususiy sektor o‘sishida to‘siqlarni bartaraf etish hamda sektorda investitsiyalar va moliyalashtirish imkoniyatlarini oshirish.

Loyiha to‘rtta asosiy yo‘nalish: axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT), turizm, tekstil hamda yashil iqtisodiyotda kichik va o‘rta bizneslarning raqobatbardoshligini oshirishni qamrab oladi.

Tadbirda nutq so‘zlagan USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofmanning ta’kidlashicha, mazkur loyiha mamlakatda biznes rivojlanishi va innovatsiyalar uchun yanada qulay muhit yaratishga, O‘zbekistonning umumiy iqtisodiy farovonligiga hissa qo‘shadi.

usaid, biznesni qo‘llab-quvvatlash

USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofman

“Bugun biz „Biznesni qo‘llab-quvvatlash“ loyihasi orqali muhim tashabbusga qo‘l urmoqdamiz. Bu O‘zbekistonning farovon, inklyuziv va barqaror kelajagi yo‘lidagi umumiy intilishlarimizning muhim tamal toshi hisoblanadi. Rivojlanish yo‘lidagi asosiy to‘siqlarni bartaraf etish va xususiy sektor faolligini qo‘llab-quvvatlash orqali biznesda, ayniqsa ayollar va yoshlar boshchiligidagi korxonalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishni maqsad qilganmiz. Loyiha doirasidagi hamjihatligimiz, sa’y-harakatlarimiz nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqaga foyda keltiradigan yanada barqaror va raqobatbardosh iqtisodiyotga yo‘l ochadi”, — dedi Devid Xofman.

“Biznesni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida loyihalarni hamkorlikda moliyalashtirish yillik dastur bayonoti ham e’lon qilindi. Umumiy qiymati 1,8 million dollarga teng bo‘lgan ushbu dastur ham AKT, turizm, tekstil hamda yashil iqtisodiyot yo‘nalishlarida tadbirkorlik va biznes muhitini yaxshilash maqsadida yo‘lga qo‘yilmoqda. Loyiha ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ehtiyojmand aholi vakillari uchun imkoniyatlarni kengaytiradi.

Loyiha menejerlaridan biri Usmon Rahimjonovning “Gazeta.uz” muxbiriga aytishicha, qiymati 1,8 million dollarni tashkil etuvchi dasturga xususiy sektor salohiyatini mustahkamlash, ish joylarini kengaytirish, eksport hajmini oshirishga oid loyihalar qabul qilinadi va ularga grant mablag‘lari ajratiladi. “Bunda xususiy sektor vakillari, ya’ni kichik va o‘rta tadbirkorlar, biznesni rivojlantirish tashkilotlari, uyushmalar o‘z loyihalari bilan ishtirok etishi mumkin. Shaxsiy biznesni rivojlantirishga qaratilgan va startap loyihalar qabul qilinmaydi, grant ham berilmaydi”, — dedi Usmon Rahimjonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, grant olish jarayoni ikki bosqichli bo‘lib, birinchisida ariza beruvchilar tomonidan loyiha konsepsiyasi taqdim etiladi. Ikkinchi bosqichda esa saralangan arizachilar tomonidan to‘liq loyiha arizasi qabul qilinadi. Taklif etilayotgan dasturlarning davomiyligi 12 oygacha bo‘lishi kerak.

“Tanlangan loyihalarga 25 ming dollardan 100 ming dollargacha grant mablag‘i ajratiladi. Ishtirokchilar kamida 50 foiz qo‘shma investitsiya taqdim etishi kerak. Ayollar, yoshlar va ehtiyojmand guruhlar uchun esa bu miqdor 20 foizgachani tashkil etadi”, — dedi loyiha menejeri Usmon Rahimjonov.