Kanadaning Kvebek shahridagi hospis asoschisi Joze Ganon Facebook`da bemorlardan biri vafotidan oldin “Dyuna 2” filmini ko‘rishni istayotgani haqida yozdi. Film rejissyori Deni Vilnyov premyeradan 1,5 oy oldin unga assistenti orqali film nusxasi va kompyuterini yuborgan, deya xabar berdi The Washington Post.

Joze Ganon dastlab 2024-yil yanvar oyi boshida Facebook`da “kimningdir hayoti yakunida u uchun kichik fokus uyushtirish uchun” rejissyor Deni Vilnyov kontaktlarini qidirayotgani haqida post qoldirgan. Postda Vilnyov nima uchun kerakligi haqida ma’lumot berilmagan va bemor kim ekani haqida ham aytilmagan. Oradan bir yarim oy o‘tgach, “Dyuna 2” filmi kinoprokatga chiqqan kuni Joze Ganon voqea tafsilotlarini tushuntirib berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hospisda bir bemor o‘limidan oldin “Dyuna 2” filmini tomosha qilishni istayotganini aytgan. Hospis asoschisi bemor haqida hech narsa aytmagan, faqatgina bemor o‘zi tengi odam ekanini ta’kidlagan (The Washington Post`ning aniqlik kiritishicha, bemor 50 yoshdan oshgan bo‘lgan). Bemor sevimli mashg‘ulotlari haqida gapirganda, kinolarni yaxshi ko‘rishini aytgan.

Film rejissyori Deni Vilnyov bilan bog‘lanish ancha tezda sodir bo‘lgan. Joze Ganon boshida faqat rejissyor o‘z filmlari muxlisiga minnatdorchilik bildirilgan video jo‘natishini istagan. Biroq Vilnyov va uning rafiqasi (u film prodyuseri edi) bu voqeadan “juda ta’sirlangan”.

“Filmlar aynan shunday inson uchun suratga olinadi”, — degan Deni Vilnyov va uning rafiqasi.

Shundan so‘ng ular hospis bemori filmni tomosha qilishi uchun uni Monrealga olib kelish yo‘llarini izlay boshlagan, biroq bemorning holati safar uchun juda zaiflik qilgan hamda vaqt ham juda kam qolgan bo‘lgan.

16-yanvar kuni Vilnyovning assistenti o‘zi bilan ichida filmning nusxasi bo‘lgan rejissyorning kompyuterini olib, Kvebekga uchib ketgan. Bemor uchun film namoyishi pardalar bilan yopilgan xonada bo‘lib o‘tgan. Namoyishda ishtirok etganlar film haqidagi ma’lumotlarni tarqatmaslik bo‘yicha hujjatlarga imzo chekkan va kadrlar chiqib ketmasligi uchun telefonlarini topshirgan.

Bemor og‘riq tufayli deyarli uch soatlik filmni to‘liq ko‘ra olmagan va namoyish taxminan kino yarmida to‘xtagan. Bir necha kundan keyin bemor vafot etgan.

“Dyuna 2” bu voqeadan bir yarim oy o‘tgach — 2024-yil 1-martdan boshlab butun dunyo bo‘ylab namoyish etila boshlandi.