O‘zbekistonda 2019-yildan hozirga qadar Oliy sudning 80 dan ziyod hal qiluv qarori asosida 1000 dan ortiq manbaa taqiqlangan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lum qildi.

Xususan, Facebook, “Odnoklassniki”, Instagram va TikTok ijtimoiy tarmoqlari, Telegram messenjeri, YouTube videoxostingi va boshqa 1000 dan ortiq manbaa va ulardagi materiallar diniy aqidaparastlik, ekstremistik va terroristik g‘oyalarini targ‘ib etishga yo‘naltirilgan deb topilib, ularni O‘zbekiston hududida tayyorlash, tarqatish, saqlash, olib kirish va namoyish etish taqiqlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-apreldagi “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko‘ra, har qanday diniy mazmundagi materiallar dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilishi va ekspertizaning ijobiy xulosasi ularning O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi, olib kirilishi va tarqatilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Oliy sud eslatishicha, Jinoyat kodeksining 244−1-moddasiga muvofiq diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash, saqlash bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek, diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga olib keladi.

Yuqoridagi harakatlar:

  • oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan;
  • xizmat mavqeidan foydalanib;
  • diniy tashkilotlardan, shuningdek chet el davlatlari, tashkilotlari va fuqarolaridan olingan moliyaviy yoki boshqa moddiy yordamdan foydalanib;
  • ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘ladi.

“Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, shuni qayd etish joizki, yosh avlodni yot g‘oya, turli xil buzg‘unchi oqimlar ta’siriga tushib qolishdan asrash maqsadida jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va qonun ustuvorligini ta’minlashimiz talab etiladi”, — deydi Aziz Obidov.

Oliy sud tomonidan mamlakat hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan manba va kontentlar (materiallar) ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.