Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi o‘zbekistonliklarni Qo‘shma Shtatlarga qonuniy yo‘l bilan borishga chaqirdi.

Elchixonaning qayd etishicha, 3-mart kuni Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonga navbatdagi repatriatsiya reysini amalga oshirib, AQShda qolishga qonuniy ruxsati bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolarining katta qismini qaytardi. Bu parvoz O‘zbekiston fuqarolarining AQSh-Meksika chegarasini noqonuniy kesib o‘tishiga qarshi AQSh hukumati tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlarning so‘nggisi hisoblanadi.

“Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy migratsiya xavfli va serxarj urinishdir. Biz O‘zbekiston fuqarolarini odamlarni tovar sifatida ko‘radigan jinoiy guruhlar yolg‘on va’dalariga ishonib, jabrdiyda bo‘lishlikdan ogohlantiramiz. Amerika Qo‘shma Shtatlariga sayohat qilishni xohlovchilarni xavfsiz va qonuniy yo‘llar orqali safar qilishga chaqiramiz” — deyiladi elchixona bayonotida.

AQSh hukumati Qo‘shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlikni davom ettirmoqda. Qo‘shma Shtatlar o‘z hamkorlari bilan xavfsiz, tartibli va insonparvar migratsiya jarayonlarni tatbiq etgan holda, Qo‘shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmaganlarni deportatsiya qilish ishlarini davom etishi bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 3-mart kuni AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi.