18-apreldan Qanot Sharq aviakompaniyasi Toshkent-Praga-Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslarni amalga oshirishni boshlaydi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Parvozlar haftada bir marta — payshanba kunlari amalga oshiriladi:

  • Toshkentdan uchish — 10:30, Pragaga qo‘nish — 14:30;
  • Pragadan uchish — 16:00, Toshkentga qo‘nish — 01:00.

Bir tomonga chipta narxi 4 451 142 so‘mdan boshlanadi. Narxlar e’lon qilingan paytda amal qiladi. Ular haqida batafsil aviakompaniya saytida tanishish mumkin.

Kompaniya bosh direktori Moisey Pak mazkur reysning ishga tushirilishi aviakompaniyaning Yevropa shaharlariga yo‘nalishlar ochish rejasidagi birinchi pog‘onasi ekanini qayd etdi. Praga aeroportining aviatsiya biznesi direktori Yaroslav Filip O‘zbekiston bilan aloqalar ular uchun yilning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini tasdiqladi.

“COVID-19 pandemiyasidan oldin Chexiyaga Markaziy Osiyo davlatlaridan deyarli 70 ming sayyoh tashrif buyurgan. Yangi yo‘nalish bajarilishining birinchi yili davomida undan 15 000 dan ortiq yo‘lovchi foydalanishini kutmoqdamiz. Shu bilan birga, yangi reyslar yuk aviatashuvini rivojlantirishga xizmat qiladi”, — dedi Yaroslav Filip.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent-Praga yo‘nalishidagi parvozlar oxirgi marta 2014-yilda amalga oshirilgan. O‘sha yilning oktabr oyida Czech Airlines (Chexiya havo yo‘llari) O‘zbekistonga parvozlarni to‘xtatgan. Bunday qarorga ushbu yo‘nalishda rentabellik bo‘lmagani sabab kelingan.

Chexiya aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni 2009-yilda boshlagan, 2012-yilda esa mamlakatda aviakompaniya vakolatxonasini ochgan.