Freedom House xalqaro inson huquqlari tashkiloti O‘zbekistonni yana erkin bo‘lmagan davlatlar qatoriga kiritdi. “Dunyoda erkinlik — 2024” yangi reytingida O‘zbekiston 100 balldan 12 ball to‘pladi. Mamlakat o‘tgan yili ham xuddi shunday ko‘rsatkichni qayd etgandi.

Freedom House erkinlik darajasini ikki omilning rivojlanishi bilan baholaydi: siyosiy huquqlar va fuqarolik erkinliklari. O‘zbekistonga siyosiy huquqlar bo‘yicha 2 ball, fuqarolik erkinliklari bo‘yicha 10 ball berildi.

Sobiq SSSR

  • Ozarbayjon — 7 ball / erkin emas
  • Armaniston — 54 ball / qisman erkin
  • Belarus — 8 ball / erkin emas
  • Qozog‘iston — 23 ball / erkin emas
  • Qirg‘iziston — 27 ball / erkin emas
  • Moldova — 61 ball / qisman erkin
  • Rossiya — 13 ball / erkin emas
  • Tojikiston — 5 ball / erkin emas
  • Turkmaniston — 2 ball / erkin emas
  • O‘zbekiston — 12 ball / erkin emas
  • Ukraina — 49 ball / qisman erkin

Finlyandiya eng yuqori reyting bahosini oldi — 100 ball. Undan keyingi o‘rinlarda 99 ball bilan Yangi Zelandiya va Shvetsiya bormoqda.

Eng yomon natijalarni Tibet (0 ball), shuningdek, Suriya va Janubiy Sudan (har birida 1 ball) qayd etdi.

Freedom House o‘z hisobotida dunyo bo‘ylab erkinlik darajasi ketma-ket 18-yil pasayganini ta’kidladi. O‘tgan yil davomida 52 ta davlatda pasayish kuzatilgan, faqat 21 ta davlatda yaxshilanish qayd etilgan.

“Saylovlardagi manipulyatsiya erkinlik global yo‘q qilinayotganining asosiy sabablaridan biriga aylandi”, — deydi ekspertlar. Bahsli hududlar ustidagi qurolli mojarolar ham siyosiy huquqlar va fuqarolik erkinliklarining yomonlashishiga olib kelgan.

“Ozodlik uchun global kurash 2024-yilda hal qiluvchi sinovga duch keladi, bu yil dunyo aholisining qariyb yarmi saylovga boradi, Myanma, Sudan, Ukraina va boshqa mamlakatlarda esa mojarolar davom etadi. Plyuralizmga qarshi davomiy hujumlar saylovchilarning befarqlashuviga, yanada tarqoqlashishiga va hatto zo‘ravonlikka olib kelishi mumkin, chunki ular demokratiya hamma uchun foydali bo‘lishi va siyosiy g‘oyalar, e’tiqodlar va etnik kelib chiqishning xilma-xilligi kuch-quvvat manbai ekani haqidagi va’dani buzadi. Agar demokratik davlatlar bu chaqiriqlarga javob bermasa, 2025-yilda dunyoda katta qism odamlar fundamental erkinliklardan mahrum bo‘ladi”, — deya ogohlantiradi reyting mualliflari.