Amerikaning “Nobel Systems” kompaniyasi hamda “O‘zsuvta’minot” AJ hamkorligidagi 430 ming dollarlik “Digital Twin” raqamli loyihasi o‘z nihoyasiga yetdi. 21-fevral kuni AQShning O‘zbekistondagi elchisi qarorgohida mazkur loyiha yakuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Tadbirda elchi Jonatan Xenik, “O‘zsuvta’minot” boshqaruvi raisi v.b. Dilshod Azimov hamda Nobel Systems kompaniyasi rahbariyati va boshqalar ishtirok etdi.

ustda, ақш elchiхонаси, жиззах vилояти, suv  ta’minoti

Qayd etilishicha, “Digital Twin” raqamli loyihasi mamlakat suv infratuzilmasining real vaqt rejimida virtual tasvirini yaratish uchun ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash orqali O‘zbekistonda suvni boshqarish amaliyotida inqilobiy o‘zgarishlar qilishga qaratilgan.

Ma’lum qilinishicha, AQSh Savdo va taraqqiyot agentligi (USTDA) 2022-yil aprelida “O‘zsuvta’minot”ga texnik-iqtisodiy asoslashni amalga oshirish uchun 430 ming dollar grant mablag‘i ajratgan. Loyiha Jizzax shahrining 16 mingga yaqin aholi yashovchi uchta: “Do‘stlik”, “Ittifoq” va “Yoshlik” mahallalarida amalga oshirildi va 2023-yil dekabrida yakunlandi.

“Bu loyiha suv sarfini minimallashtirish, energiya tannarxini kamaytirish hamda suv barqarorligi va resurslarni boshqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan suv resurslarini boshqarish va texnik-iqtisodiy tahlilga integratsiyalashgan yondashuvni belgilashni maqsad qilgan edi. Ushbu tashabbus mavjud suv infratuzilmasini tahlil qilishga hamda samarali, ishonchli va barqaror suv ta’minotini ta’minlash uchun potensial yangilash yoki kengaytirish imkoniyatlarini baholashga intiladi”, — dedi “Nobel Systems” kompaniyasi prezidenti Maykl Samuyel.

ustda, ақш elchiхонаси, жиззах vилояти, suv  ta’minoti

Marosimda loyihaning asosiy yutuqlari sifatida quyidagilar ta’kidlandi:

— real vaqtda monitoring: “Digital Twin” tizimi real vaqt rejimida butun suv infratuzilmasini monitoring va tahlil qilish imkonini beradi. Bu esa tezkor qarorlar qabul qilish va proaktiv boshqaruv strategiyalarini ishlab chiqishga imkon yaratadi;

— bashoratli tahlil: ilg‘or tahlillardan foydalangan holda tizim potensial muammolarni bashorat qiladi, resurslar taqsimotini optimallashtiradi va suv isrof qilinishining oldini oladi;

— o‘sib boruvchi samaradorlik: “Digital Twin”ning joriy etilishi suv taqsimoti samaradorligini sezilarli darajada oshirib, operatsion xarajatlarni va atrof-muhitga ta’sirini kamaytirdi.

“Jizzax suv ta’minoti” AJ direktori vazifasini bajaruvchi Bobur Rahmonberdiyevning so‘zlariga ko‘ra, suv ta’minotini raqamlashtirish tizimi har bir xonadon qancha suv iste’mol qilishini aniqlash va suv bosimini boshqarishga yo‘naltirilgan. Bu esa suv ta’minotidagi avariya holatlarini tezkor aniqlash va yo‘qotilgan suv hajmini hamda tizimni tiklash uchun qancha mablag‘ sarflashni hisoblashga yordam beradi.

ustda, ақш elchiхонаси, жиззах vилояти, suv  ta’minoti

“Shuningdek, tarmoqdagi avariyalar holatlarini oldindan bilish imkoni ham yaratildi. Loyiha orqali kamroq ishchi kuchi ishlatib, elektr energiyasini kamroq sarflab, sifatli suv yetkazib berishni maqsad qilganmiz”, — dedi u.

Bobur Rahmonberdiyevning aytishicha, loyiha yo‘lga qo‘yilgan 3 ta mahallada avariyalar soni 85 foizga, ularni bartaraf etish xarajatlari esa 83 foizga kamaygan.