29-fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun [O‘RQ-917-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qonunni Senat 9-fevral kuni ma’qullagandi.

Qonunga ko‘ra, bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.

Vakil o‘z vakolatlarini mustaqil ravishda hamda davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida Oliy Majlis palatalariga hisobdordir.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi.

Qonun bilan, bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari belgilab qo‘yildi, jumladan:

  • mansabdor shaxslarga bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirishlar yuborish;
  • davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlari, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
  • harakatlari yoki harakatsizligida bola huquqlari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida tegishli organlarga iltimosnomalar kiritish huquqiga ega.

Shuningdek, bola huquqlari bo‘yicha vakiliga o‘z faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanish vakolati berilmoqda.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida, tergov hibsxonalarida va tarbiya koloniyalarida turgan bolalar yozma shakldagi murojaatlarini Bola huquqlari bo‘yicha vakilga yuborishi mumkinligi belgilanmoqda.

Vakil har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay Oliy Majlis palatalariga bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilish holati haqida ma’ruza taqdim etadi.

Vakil bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘radi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘zining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakilini tayinlaydi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.