Xorazmda qiymati 10 milliard dollardan ziyod yirik gaz-kimyo majmuasi quriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Loyihani barpo qilish bo‘yicha dunyoning shu sohada eng ilg‘or kompaniyalari bilan muzokara boshlangani ta’kidlandi.

“Bu loyiha ishga tushsa, 3 mingta ish o‘rni yaratiladi, yiliga 2,4 million tonna yuqori qo‘shilgan qiymatli polimerlar ishlab chiqariladi. Bu nafaqat Xorazm uchun, balki respublikamiz sanoatining flagmani bo‘ladi”, — dedi prezident.

Shuningdek, boshqa viloyatlardagi kabi Xorazmda ham kecha Fransiyaning mashhur “Voltalia” kompaniyasi bilan hamkorlikda ilk bor 100 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi.

Bundan tashqari, sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan Xorazmga 100 million dollari ajratiladigan bo‘ldi.

Urganch tumani “Chakka-sholikor” qishlog‘ida texnopark tashkil qilish, yil yakunigacha elektrotexnika, to‘qimachilik va qurilish materiallari yo‘nalishida 100 million dollarlik loyihalarni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Bunga qo‘shimcha ajratiladigan 25 million dollar hisobidan kichik va o‘rta sanoat loyihalariga 1,5 milliard so‘mgacha 18 foizdan 7 yil muddatga kreditlar beriladi.