Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 21−24-mart kunlari amalga oshiriladigan barcha mahalliy aviaqatnovlar uchun 30 foizlik chegirma e’lon qildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda kompaniya matbuot kotibi Dilorom Kaimbayeva ma’lum qildi.

Chegirma Navro‘z bayramini keng nishonlash hamda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida ekonom va biznes klass tariflari uchun qo‘llanadi. Ulardan nafaqat o‘zbekistonliklar, balki chet el fuqarolari ham foydalanishi mumkin.

Tarifdan 30 foiz chegirma asosida taqdim etiladigan aviachiptalarni 1-martdan boshlab 24-mart kuniga qadar xarid qilish mumkin.

Aviachiptalarni kompaniya veb-sayti, mobil ilovasi, Uzbekistan Airways Sales filiali va aviakompaniya agentlaridan xarid qilish mumkin.