7-mart kuni Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz”ning 5-pavilionida “Savitskiy kundaliklari. Qadimiy va navqiron” nomli yangi multimedia ko‘rgazma loyihasi o‘z ishini boshlaydi, deya xabar bermoqda Madaniyat va san’atni rivojalntirish jamg‘armasi matbuot xizmati.

Ko‘rgazmada tomoshabinlar Igor Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyining sara to‘plamlariga mansub asarlarni tomosha qiladilar. Ularda Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati hamda mintaqa qiyofasini o‘zgartirib yuborgan XX asr tasviriy san’ati olami tasvirlangan.

“Savitskiy kundaliklari. Qadimiy va navqiron” ko‘rgazmasi tomoshabinlarni O‘zbekiston zaminidan ilhomlangan musavvirlarning ijod so‘qmoqlari bo‘ylab yetaklaydi. Aksariyat hollarda ular ijtimoiy hayot markazlari hisoblanmish bozor yoki choyxonalarni tasvirlaganlar. Ayniqsa, zamonaviylik va an’analarning uyg‘unligi ko‘chalar, transport va turfa liboslarga burkangan kishilarni gavdalantiruvchi shahar sahnalarida alohida yorqin namoyon bo‘lgan.

Igor Savitskiy to‘plagan kolleksiyalar san’atning bir nechta davr va uslublarini, jumladan, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonning arxeologik topilmalari, akademik rangtasvir, Yevropa modernizmi va manzarali asarlarini o‘zida mujassam etadi.

Ko‘rgazma 7-martidan 7-iyuniga qadar davom etadi.

Pavilon har kuni soat 10:00 dan 20:00 gacha ishlaydi. Juma kuni — kirish bepul, boshqa kunlarda — 20 ming so‘m.

Maktab o‘quvchilari, talabalar va pensionerlar uchun 50 foizlik chegirma mavjud. Maxsus maktablar va maktab-internatlar o‘quvchilari va 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa kirish bepul.