Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida 1 mlrd 329 mln so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgan noqonuniy maynerlar aniqlandi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Unga ko‘ra, Qo‘qon shahrida fuqaro qarindoshining uyida 10 ta “Bitmain Antminer” rusumli mayning qurilmasini elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulagancha ishlatib kelgan. 2021−2024-yillar ichida u davlat manfaatlariga 638 mln 274 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaroning xonadonida esa quvvati 14,85 kilovatt bo‘lgan 11 dona “Antminer” mayning qurilmasi yashirin ravishda elektr tarmog‘iga ulanib, 320 mln 118 ming so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingan.

Farg‘ona shahrida aniqlangan yana bir holatda boshqa bir fuqaroning xonadonida quvvati 12,4 kilovatt bo‘lgan 6 dona “Antminer” mayning qurilmasi topildi. Ular elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanib, elektr ta’minoti korxonasiga 293 mln 284 ming so‘mlik zarar yetkazgan.

Farg‘ona shahrida yashovchi yana bir shaxs kriptovalyuta ishlab chiqarish faoliyati bilan qonunga xilof ravishda shug‘ullangan. U ham 3 dona “Antminer” mayning qurilmasidan foydalangani sabab elektr energiyasi bo‘yicha davlat manfaatlariga 77 mln 585 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Aniqlangan ushbu holatlarda davlatga yetkazilgan zarar jami 1 mlrd 329 mln 261 ming so‘mni tashkil etdi.

Barcha holatlar yuzasidan yuqoridagi shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Agar ularning aybi tasdiqlansa, fuqarolar BHMning 50 baravarigacha jarimaga tortilishi yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodligi cheklanishi yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.