Yaqin kunlarda bolalar ombudsmani kotibiyatiga Buxoro viloyatida yashovchi 15 yoshli boladan murojaat keldi, deb xabar bermoqda bolalar huquqlari bo‘yicha vakil matbuot xizmati.

Aytilishicha, M.M. ismli bola onasi unga uzoq vaqt davomida tazyiq o‘tkazib kelgani sababli 2023-yildan buyon onasidan alohida, buvisi qaramog‘ida yashab kelgan. U otasi aliment majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmagani uchun ozodlikdan mahrum qilinganini bildirib, singlisi va o‘zini onasi qaramog‘iga berilishiga yo‘l qo‘ymaslik masalasida amaliy yordam so‘ragan.

Bolalar ombudsmanining so‘rovi asosida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan mazkur oilaning ijtimoiy vaziyati atroflicha o‘rganildi.

Jumladan, Buxoro viloyati Jondor tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining holatni o‘rganish davomida haqiqatdan ham bolaning ustun manfaatlarini ona emas, buvisi ta’minlay olishi to‘g‘risidagi xulosasi asosida M.M. va uning singlisiga buvisi rasmiy ravishda vasiy etib belgilandi.

“Mazkur oilaning ijtimoiy masalalari kelgusida ham bolalar ombudsmani va mutasaddilar kuzatuvi ostida bo‘lib, zarur hollarda tegishli ko‘mak ko‘rsatish choralari ko‘riladi”, — deyiladi xabarda.