26-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anga qo‘ng‘iroq qilib, uni 70 yoshga to‘lgani bilan tabrikladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari Turkiya yetakchisiga sog‘liq va muvaffaqiyat tilab, “zamonaviy Turkiyaning barpo etilishida, global maydondagi nufuzi yuksalishida” uning o‘rni yuqoriligini ta’kidladi.

Suhbat davomida ikki davlat orasida 2023-yil yakunida qo‘shma korxona va loyihalar soni 365 taga ortgani, Turkiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan investitsiyalar portfeli kengaygani keltirib o‘tildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ham, tegishli ravishda o‘zaro sayyohlar oqimi ham ko‘paygani qayd etildi.

Davlat rahbarlari oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi kun tartibini puxta tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi, deyiladi matbuot xizmati xabarida. Shu munosabat bilan O‘zbekiston-Turkiya Hukumatlararo komissiyasi doirasida olib borilayotgan ishlarni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Mintaqaviy, jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.