Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining bu galgi mehmoni — adabiyotshunos, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Bosma OAV va noshirlik ishi fakulteti dekani Akbar Nurmatov.

Mutolaa haqida

“Nima uchun kitob o‘qish kerak?” degan savolni yoqtirmayman. Chunki “bu nima uchun nafas olasan?”, “nega har kuni nonushta qilasan?”, degandek gap. Inson dunyoga kelgan ekan, nafs, tiriklik uchungina yashamaydi-ku. Uning ruhiyatiga, ongiga oziqa kerak. Shu bois mutolaani tabiiy hol, deb hisoblayman. To‘g‘ri, kitob o‘qishga har kim turlicha keladi, kitobxonlik har kimda har xil shakllanadi.

Masalan, 3−4-sinfligimda 70 yoshli bobom oldimga choy-non qo‘yib, go‘yoki katta odamdan so‘rayotgandek iltimos qilib, menga kitob o‘qitardi. O‘zi bobomning ikkita kitobi bo‘lardi: “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” va “Alpomish”. Majburlikdan o‘qib berardim. Dostonlar liro-epik asar-ku, “Go‘ro‘g‘li Rayhonarabga qarab shunday deb turgan joyi ekan” degan joyining davomidan she’r keladi — shunday joylarini tashlab, qisqa syujetlarini o‘qishni yaxshi ko‘rardim. Bobom esa kitobni yoddan bilgani uchun ortga qaytarib, she’rlarini o‘qitardi. “Bobomga bundan nima naf ekan?”, deb tushunmasdim. Mutolaaga muhabbatning ilk urug‘lari yurakka o‘shanda tushgan bo‘lsa kerak.

Adashmasam, 6 yo 7-sinfda Bahriddin domla degan adabiyot o‘qituvchimiz: “Yozgi ta’tilda kim qanday roman o‘qidi?”, deb so‘ragan. Men roman o‘qimaganman. Xidir degan sinfdoshim turib: “Men o‘qidim, domla. Shuhratning “Shinelli yillar"ini o‘qidim”, dedi. O‘shanda sinfdoshimga havasmi, hasadmi, qanaqadir g‘ayirlik bilan qaraganman. Qo‘shnim bo‘la turib, menga bildirmay shuncha kitob o‘qibdi-ya, deganman. Nazarimda, shundan keyin sinfdoshlar bilan musobaqalashib, kitob o‘qiy boshladim. Mirahmad do‘stimning otasi maktab direktori edi, uyida kutubxonasi bor edi, o‘zi sarguzasht romanlarni yaxshi ko‘rardi — Artur Konan Doyldan tortib Graf Monte Kristogacha o‘qib chiqqan, so‘rasangiz ertayu kech hikoya qilib beraverardi. Ularning kutubxonasidan, tuman markazidagi bittagina kitob do‘konidan kitob olib o‘qirdim.

8-sinfda sovxoz kutubxonasiga borganimda — kutubxonachi rus ayolga o‘zimni kitobxon qilib ko‘rsatgim kelganmi — “Jinoyat va jazo"ning Ibrohim G‘afurov tarjimasida chiqqan yangi nashrini olib, hech nimani tushunmagan bo‘lsam-da, uch kunda to‘liq o‘qib, qaytarib olib kelganman. Kutubxonachi hayron qolgan: obrazlar esimda qolgan bo‘lsa-da, juda ko‘p narsaga e’tibor ham bermaganman, tushunmaganman ham. Raskolnikovni o‘zimcha katta qahramon deb bilganman, Soniya Marmeladovani dunyodagi eng chiroyli obraz deb tan olganman, lekin g‘oyalariga ahamiyat bermaganman. Raskolnikov o‘ldirib to‘g‘ri qildi, deganman. Keyinchalik shu sohada o‘qiganim uchun, bu haqdagi yuzlab ishlar bilan tanishgach, ba’zi tushunchalar shakllangan, deb o‘ylayman. Hozirgacha shu asarni takror-takror o‘qib yuraman.

9-sinfligimda Chingiz Aytmatovning sakkizta qissasi (“Bo‘tako‘z”, “Birinchi muallim”, “Samo yo‘li”, “Jamila”, “Oq kema”, “Alvido, Gulsari”) va “Baydamtol sohillarida” nomli hikoyalar to‘plamidan iborat ikki tomligi chiqqan. Sariq muqovali, Asil Rashidov tarjimasidagi shu kitoblar hozir ham uyimda turibdi. O‘sha kun uchun hozirgacha minnatdorlik bildiraman: otam boshqa narsaga deb bergan 4 so‘m pulni kitobga ishlatib (har bir kitob 1 so‘m 90 tiyindan edi), Chingiz Aytmatov bilan oshno tutinganman. U vaqtlar chiqqan kitobni qo‘ymay o‘qirdik, tong otguncha o‘qib tugatardik. Ko‘pi esda ham yo‘q. Ibrohim Rahimmi, Hamid G‘ulommi — birorta kitob qolmagan. Parda Tursunning “O‘qituvchi” romanlarigacha o‘qiganman.

Vaqt o‘tishi bilan “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Guliston” kabi adabiy-badiiy jurnallar qishloqlargacha keladigan bo‘ldi. “Sharq yulduzi” jurnalida chiqqan taqrizlarni o‘qirdik — o‘zing o‘qigan kitob haqidagi maqolani yutoqib o‘qiysan-ku baribir. “Men yaxshi deb yurgan romanimni bo‘lmag‘urga chiqaribdi-ku, shunaqa ham bo‘larkan-da”, deb hayron bo‘lib yurardik. Shu tariqa, kitoblarni saralab o‘qiy boshladim.

Professor Suvon Meliyev to‘g‘ri aytadi: “Aslida sen kitobni o‘qimaysan, kitob seni o‘qiydi”. Siz bilan yozuvchi yozgan asar o‘rtasida musobaqa ketadi. Masalan, men kitob do‘koniga kirsam, birinchi muallifiga qarayman. Chunki chegaralab olgan mualliflarim bor, o‘shalarga tegishli bo‘lganini olaman. Yana kimdir kitobning nomiga, sarlavhasiga qaraydi, nomi favqulodda qiziq ko‘rinsa, sotib oladi. Siz ham mutolaani muayyan bilimlarga tayanib, dunyoqarashingiz, estetik, badiiy didingiz bilan qurollangan holda boshlaysiz: avvaliga annotatsiyasini ko‘rasiz, keyin sahifalarni varaqlaysiz. Kutganlaringizni oqlay boshlasa, yozuvchi yutqazayotgan bo‘ladi. O‘qiganingiz sayin sizni qiziqtirib boraversa, kutilmagan jihatlari chiqaversa, o‘zingizda kashf etmagan narsalarni sizga ko‘rsatib bersa, mana bu kitobxon va yozuvchi o‘rtasidagi haqiqiy musobaqadir. Asar sizni shu tarzda favqulodda hayajonga soladi.

Mutolaaga bir mubtalo bo‘ldingmi, buyog‘iga umring shu kungacha boy berilgan vaqtni qaytarishga urinish bilan o‘tadi. Masalan, biz maktabda 9 yil o‘qigan bo‘lsak, har yili uch oyimiz paxtada o‘tardi. Bahorda ko‘chat, tozalash ishlariga, may oyida chopiqqa chiqardik. O‘qisak uch oygina o‘qirdik — bizga aloqasi yo‘q ishlar bilan shug‘ullanganmiz, o‘qish qolib ketavergan, boy berilgan vaqtimiz ko‘p bo‘lgan. Hozir-chi, o‘qimoqchimisan — marhamat! Ammo, qancha yengillik bo‘lsa, odam shuncha ko‘p chalg‘iydimi, bilmadim — mutolaa darajasi pastroq, shekilli.

Yoshlarda mutolaaga nisbatan ko‘nikma hosil qilish kerak, nazarimda. Ayni vaqtda, kitob o‘qishga majburlab bo‘lmaydi. Borxes: “Birovni majburlab sevdirib bo‘lmaydi” degani kabi, majburlab kitob ham o‘qitib bo‘lmaydi. Men buni pedagoglik faoliyatimdan kelib chiqib aytyapman. Qanday majburlaysiz? Majburlagan bilan u kitobni bir hisobot uchun, baho olish uchun shunchaki o‘qib kelsa, bundan nima naf? Masalan, kenja o‘g‘limni majburlab ham o‘qitolmayman — vaholanki kattalarining bari kitobxon.

Darsga kirganda ham so‘rayman, goho hazillashib, 20 muallifni sanab: “Shulardan birortasini o‘qigan bo‘lsanglar ham ortiqcha savol bermay, bahoingni qo‘yib beraman”, deyman. Yo‘q, o‘qimagan. Ayrimlari asar asosida olingan filmini ko‘rgan bo‘lsa ham o‘zini o‘qiganman. Masalan, birinchi kurs talabalari orasida birortasi “O‘tkan kunlar"ni o‘qimagan, o‘qigan bo‘lsa ham maktab o‘quv dasturida berilgan parchani o‘qigan, xolos. Vaholanki, hozirgi yoshlarda “kitobni topolmadim” degan bahonaga o‘rin ham yo‘q — hammayoq qulaylik, audiokitoblar chiqib ketgan, xohla telefoning, plansheting, buk-rideringga yuklab olib o‘qi.

Tavsiyalar

Avvalo, kitobxon sifatida talablarim katta. Yoshligimda ko‘proq psixologiya yo‘nalishidagi kitoblarga e’tibor qaratgan bo‘lsam, hozir haqiqiy san’at asarlariga — allalab, ham estetik zavq, ham intellektual bilim beradigan, ham munosabatlaringizni, didingizni balandlatadigan kitoblarga ahamiyat beraman. Boshqalarga ham shundan kelib chiqib tavsiya qilaman.

akbar nurmatov, kitob, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Ayni vaqtda, shunday odatim bor — yuqorida ham ta’kidlaganimdek, o‘qigan kitobimni qayta o‘qishga ruju qo‘yganman. Bir safar Bernard Shoudan: “Injil haqiqatan ham muqaddas kitobmi, ilohiy ruh tomonidan yaratilganmi?”, deb so‘rashganda, u shunday javob bergan ekan: “Har qanday kitob, agar uni qayta o‘qishga arzisa, ilohiy ruh tomonidan yaratilgan”. Adabiyotning kuchi shundaki, u sizni bir umr o‘ziga maftun qilib, bog‘lab qo‘yadi, har gal mutolaada olam-olam zavq olasiz. To‘g‘ri, mutolaa har yoshda turlicha bo‘lishi mumkin, lekin qayta-qayta o‘qishga majbursiz. Menda doim shunday ehtiyoj bor. Masalan, “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon"ni har uch-besh yilda hech yo‘g‘i audiosini eshitaman, har safar bir yangilik olaman. Har yili Dostoyevskiyning biror kitobini qayta o‘qib chiqaman.

Bir vaqtning o‘zida, kayfiyatga qarab, turli kitoblarni o‘qiyman. Rumiy yoki Navoiy asarlarini mutolaa qilaman, ba’zan “Lison ut-tayr"ni qo‘limga olaman, asliyatda o‘qishga harakat qilaman — o‘zgacha bir zavq beradi. O‘zi Navoiyni doimo o‘qib turish kerak. Bir kunda hech bo‘lmasa ikki satrini takrorlasangiz ham yaxshi. Navoiyning ham yengil, oson satrlari, g‘azallari bor — yodlab takrorlab yursangiz, keyinchalik mag‘zi ham, ta’mi ham miyangizda aylanib chiqaveradi, sizga zavq bag‘ishlaydi. Bu zavqni hech nimaga alishtirib bo‘lmaydi.

akbar nurmatov, kitob, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Abdulla Qodiriyning nafaqat romanlari, balki publitsistikasini ham mutolaa qilish kerak. “Otam va bolshevoy” degan maqolasi bor — shu kabi oddiy maqolalarini o‘qib ham hayratga tushasiz. So‘z boyligi shu qadar kuchli — odam qanday qilib bu zavqdan bebahra yurishi mumkin? Masalan, “Toshkentlik boylar"da ko‘tarilgan mavzu hozirgi kunimizga to‘g‘ri kelmaydi, deysizmi? Qarang, uncha katta asar yozish ham shart emas ekan — Falonchiboyning xarakterini shunday chizib ketadi. Maqolada ta’riflangani kabi odamlar hozir ham tevarak atrofimizda juda ko‘p, balki o‘zimiz ham o‘shalardan biridirmiz, kim bilsin.

akbar nurmatov, kitob, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Odil Yoqubov, Shukur Xolmirzayev asarlarini juda yaxshi ko‘rib o‘qiganman. Nabijon Boqiyning “Qatlnoma"sini takrorlab turaman — yaqinda to‘ldirib qayta chiqarishdi. Oxirgi yillarda Temir Po‘latovning yangi romanlari, “Salbchilar nishondori"ga, Hamid Ismoilning Angliyada chiqqan “Jinlar bazmi"ga ko‘zim tushdi. Sadriddin Ayniyning esdaliklarini erinmay, o‘sha davrni qayta ko‘z oldimga keltirib o‘qib chiqyapman. Sof badiiy asarlardan asosan oldin o‘qiganlarimni takrorlayapman.

Ammo o‘zbek adabiyotining so‘nggi 10−20 yilligini faol kuzatyapman, deb aytolmayman. Bu, albatta, kamchilik. O‘qish kerak, munosabat bildirish kerak.

Chet el adabiyotini yoshligimdan miriqib o‘qiyman. Menga qolsa, chegaralab o‘tirmagan bo‘lardim: qanday qilib Shekspirni, Servantesni, Folkner yo Okutagavani o‘qimaslik mumkin? Shu asarlarni mohir tarjimonlarimiz o‘zbek tiliga o‘girgan. O‘zi tarjima qilinmagan biror asar ham qolmabdi — hamma kitoblarni tarjima qilishyapti.

akbar nurmatov, kitob, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Frans Kafka asarlarining tuzilishi, kompozitsiyasining o‘ziyoq bizni hayratga solgan, Ernest Heminguey asarlarini o‘qiganimizda ham yana mutlaqo boshqacha tasvir usullarini ko‘rganmiz. Chunki sovet davrida bizda sotsialistik realizm metodi asosida yozilgan asarlarning deyarli hammasi deyarli bir xil edi-da. Cho‘lpon huv 1920-yillardayoq: “Uni o‘qiyman — bir xil, buni o‘qiyman — bir xil. Bir xil, bir xil, bir xil. Ammo Robindranat Tagor meni hayratga soldi”, deydi-ku. O‘zbek kitobxonida 70 yil davomida shunday holat bo‘lgan.

Robindranat Tagorning har bir hikoyasi katta bir romanga teng, degan gap bor. Yoshligimda shunday hikoyalarini o‘qiganman. Lekin u vaqtlarda bizda siyosiy qarashlar cheklangani, tanqidiy fikrlash, dunyoga tanqidiy munosabatda bo‘lish mumkin bo‘lmagani uchun yaxshi tushunmaganman. Yaqinda uning “Gaurmaxon” romani qo‘limga tushib qoldi — 1966-yili o‘zbekcha o‘girilgan ekan. Hindistonning mustaqillikka erishishidan avvalgi ahvoli shunday zo‘r tasvirlanganki, ko‘p jihatdan hozirgi kunimizga ham to‘g‘ri keladi. Tagorning ma’rifiy salohiyati shu qadar yuqoriki, uning har bir so‘zini hozir ham shior sifatida ilib qo‘ysa arziydi. Mumtoz asarlarning mumtozligi ham shunda — bugungi kunga to‘liq muvofiq kelishida.

akbar nurmatov, kitob, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Noam Xomskiyni o‘qiyapman. Davlat tuzilishlari haqida yozganlaridan qisqa-qisqa tarjima ham qilib qo‘ydim. Ayniqsa, sotsializm g‘oyasi haqidagi risolasi juda yoqdi. U sotsializm yomon g‘oya emasligini, uning “kazarma sotsializmi”, “liberal sotsializm”, “demokratik sotsializm”, “klassik sotsializm” va hokazo turlari borligini ta’kidlaydi, ularni erinmay Yevropa davlatlari misolida tushuntiradi. Deylik, Sovet Ittifoqida harbiylashgan yoki kazarma sotsializmi bo‘lgani, bu bilan sotsializm g‘oyasining obro‘si juda tushirib yuborilganini qiziq izohlagan. Sotsializm — baribir maftunkor g‘oya, insoniyat taraqqiyotida unga yana va yana murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi, deb yozgan. Shu bois juda qiziqib o‘qidim.

akbar nurmatov, kitob, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Yaqinda Benedikt Sarnovning “Stalin va yozuvchilar” nomli, xat va hujjatlardan iborat katta kitobini ko‘rib qoldim. Stalinning o‘sha davrdagi jamiki shoir-yozuvchilar bilan yozishmalari, partiya Markaziy qo‘mitasi yozuvchi Mixail Bulgakovning ishlamay yurganigacha e’tibor berib, buni muhokama qilgani, Maksim Gorkiyning qayerga borib, nimalar qilayotgani, uning ortidan qanday xatlar tushgani, Stalin bularning hech birini e’tiborsiz qoldirmaganini o‘qib, hayratga tushdim. Hokimiyat adabiyot ahlining zig‘ircha harakatini ham e’tibordan chetda qoldirmaganini o‘qib, hayron qolasiz.