Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Farg‘ona, Jizzax va Samarqand viloyatlarida tezkor tadbir o‘tkazib, mansabdorlarning korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq holatlarini aniqladi.

Unga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining Rishton tumani elektr tarmoqlari korxonasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi shaxs yakka tartibdagi tadbirkorning ustaxonasi elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanganini aniqlagan va unga nisbatan rasmiylashtirilgan dalolatnoma bo‘yicha 2 mlrd so‘m miqdorida jarima solinishi mumkinligini aytgan. Jarimani kamaytirib berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilgan. DXX bo‘lim boshlig‘ini so‘ralgan pul mablag‘idan 6600 AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushladi.

dxx

Viloyatning Marg‘ilon shahrida Nadirmat mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga 0,5 sotix bo‘sh yerni “Ye-auksion” platformasi orqali yutib, kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga tushdi.

dxx

Jizzax viloyatida kuzatilgan holatda, Sharof Rashidov tumani Ichki ishlar bo‘limi Vaqtincha saqlash hibsxonasi boshlig‘i hibsxonada saqlanayotgan ayblanuvchiga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqayotgan sudyadan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida yordam berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilgan. U so‘ralgan pul mablag‘idan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, u muqaddam o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, hibsxonada saqlanayotgan ushbu fuqaroning oila-a'zolari bilan uchrashishi hamda uyidan olib kelingan oziq-ovqat mahsulotlarining kiritilishi uchun ruxsat berish evaziga 400 AQSh dolari ham olgan.

dxx

Milliy Gvardiyaning Samarqand viloyati Ishtixon tumanlararo Qo‘riqlash bo‘limi xodimi firibgarlik va pora berishda gumonlanayotgan mahalliy fuqaro ishini tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 1,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga tushdi.

dxx

Hozirda ushbu shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.