Maktab o‘quvchilarining davomati muammosini hal qilishga Milliy gvardiya xodimlari ham jalb qilingach, jamoatchilikda ko‘plab savol va e’tirozlar paydo bo‘lmoqda. 14-fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanidan so‘ng “Gazeta.uz” muxbiri Milliy gvardiya markaziy devoni boshqarma boshlig‘i, polkovnik Zafar Alimovdan qator savollar yuzasidan izoh oldi.

— Inspektor-psixolog kim o‘zi? Uning vazifalari nimalardan iborat?

— Inspektor-pisxologlar oldin ichki ishlar tizimida faoliyat yuritgan. Yaqinda bu shtat birliklari Milliy gvardiya tizimiga mavjud vakolatlari bilan birgalikda o‘tkazildi. Hozirgi kunda inspektor-psixologlarda maktablardagi huquqbuzarliklarning oldini olish, tarbiyasi og‘ir bolalar bilan shug‘ullanish, ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish va farzandining ta’lim olishiga to‘sqinlik qilayotgan ota-onalarga nisbatan chora ko‘rish vazifalari yuklatilgan. Ayni paytda ularga qo‘shimcha vakolatlar olish rejasi ishlab chiqilmoqda.

— Oxirgi paytlarda inspektor-psixologlarning davomat masalasiga e’tibor qaratayotgani, ayrim Milliy gvardiya xodimlarining bu bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazayotgani aks etgan videolar muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. Nima uchun asosiy e’tibor aynan davomatga qaratilyapti?

— Prezidentimizning tegishli qarorlarida Milliy gvardiya organlariga darslarga muntazam ravishda qatnashmayotgan bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanish va o‘quvchilarning barchasini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash vazifasi yuklatilgan. Biz maktabga surunkali ravishda kelmayotgan bolalarni aniqlab olamiz, ular nima uchun maktabga bormayotganining asosiy sabablarini o‘rganamiz, shu orqali o‘zimizning yo‘nalishimizni belgilab, davomatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olmoqchimiz.

— O‘quvchilar qanday omillar tufayli darslarda ishtirok etmayapti? Tahlillar mavjudmi?

— Hozirgi kunda davomat masalasi bo‘yicha o‘rganishlar olib boryapmiz, joylarga chiqib, ota-onalar va mahalla jamoatchiligining fikrlarini eshityapmiz. O‘rganish jarayonlaridan keyingina biz aniq bir xulosani aytamiz va ular bilan ishlash usullarini belgilab olamiz.

— Milliy gvardiya xodimlarining vakolatida o‘quvchilarning sumka va telefonlarini tekshirish hamda nazorat qilish ham bormi?

— Savolni to‘g‘ri bersak, yaxshi bo‘lardi…

— Bu savolni bekorga berganim yo‘q. Chunki oxirgi paytlarda tarmoqlarda ota-onalar farzandining telefon va sumkalari nazorat qilinayotganini yozmoqda. Haqiqatan ham, bu inspektor-psixologlar vakolatiga kiradimi?

— Vakolat, vakolat deyapmizu, lekin dunyoni ko‘radigan bo‘lsak, maktablarda sodir etilayotgan terroristik harakatlar, bolalar tomonidan maktabga qurol olib kelib, o‘z tengdoshlari yoki o‘qituvchilariga qilinayotgan tahdidlar, ularga nisbatan bo‘layotgan qurolli holatlar… Mana shu nuqtai nazardan kelib chiqib, biz, Milliy gvardiya organlari, maktabda bolalarning xavfsiz ta’lim olishini ta’minlab berishimiz kerak. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, maktabga sovuq yoki o‘qotar qurol, noqonuniy narsa olib kiradigan bo‘lsa, biz uning oldini olishga majburmiz va bu bizning bevosita vazifamiz hisoblanadi. Albatta, har bitta bolaning sumkasini tekshirish yoki telefonini titkilash niyatimiz yo‘q. Lekin maktab xavfsizligini ta’minlash uchun barcha choralar ko‘riladi.

— O‘quvchining sumka va telefonini nazorat qilish Milliy gvardiya xodimlarining vakolatiga kiradimi? Javobingiz ko‘pchilikka qiziq.

— Agar uning sumkasida noqonuniy narsa bo‘lsa, uni ko‘rib, olish bizning vakolatimizga kiradi. Telefon masalasi esa Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilab qo‘yilgan, ya’ni bolaning maktabda dars jarayonlarida telefondan foydalanishi taqiqlab qo‘yilgan. Biz o‘quvchining telefonining ichini titkilab olmaymiz. Uni maktab ma’muriyatining o‘zi nazorat qiladi. Lekin talablarga bo‘ysunmayotgan yoki o‘qituvchilarga qo‘pol muomala qilayotgan, tarbiyasida buzuq holatlar bor o‘quvchilar bilan inspektor-psixologlar shug‘ullanadi. Ya’ni buning sabablarini o‘rganib, bolaning tarbiyasidagi holatlarga aralashishi mumkin.

— Milliy gvardiya xodimlari o‘quvchilarning tashqi ko‘rinishi: sochi, kiyimi va boshqa jihatlari bilan ham shug‘ullanadimi yoki bular ularning vakolatiga kirmaydimi?

— Hozir har bitta holatga to‘xtalib o‘tsak, bu suhbatimiz tugamaydi. Men shu savolingizga to‘liq tushunmadim…

— Inspektor-psixologlar o‘quvchiga “maktab o‘quvchisiga xos soch turmagi yoki formada kel”, deyishi mumkinmi?

— Maktabning ichki tartib-qoidalari bo‘yicha maktab ma’muriyati shug‘ullanadi. Milliy gvardiya organlari xodimlarining ichki qoidalar bilan shug‘ullanish [vakolati yo‘q].

— Milliy gvardiya xodimlarining o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan adekvat muomala qilgani qanday nazorat qilib boriladi? Tarmoqlarda “inspektor-psixologlarga bodi kamera kerakdir balki” degan fikrlar ham bildirilyapti.

— To‘g‘ri savol berdingiz. Hozir tizim yangilandi, 2 mingta shaxsiy tarkib Milliy gvardiya organlariga o‘tdi. Ularning muomala madaniyati va nazorat qilish tizimi qaytadan ishlab chiqilyapti. Kelgusida xodimlarni planshetlar va bodi kameralar bilan ta’minlash masalasi zaruratdan kelib chiqib amalga oshiriladi. Lekin har bitta xodimni qaytadan o‘qitishni rejalashtirganmiz. Ularning bolalar va ota-onalar bilan qanday muomalada bo‘lishi, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikni qanday amalga oshirishi bo‘yicha dasturlarimizni ishlab chiqdik. Tizimga shtat birliklari bo‘yicha o‘tgan inspektor-psixologlarni bu yo‘nalishlar bo‘yicha qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan albatta, shug‘ullanamiz. Shuningdek, hisobot tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi va kunlik qilgan ishlari nazorat qilib boriladi.

Mirolim Isajonov suhbatlashdi.