Jizzax viloyati Yangiobod tumani hokimining pora olishda ayblangan sobiq o‘rinbosariga hukm o‘qildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Qayd etilishicha, 2023-yilning may oyida fuqaro Q.M. Yangiobod tumani hokimining v.b. o‘rinbosari Q.R. bilan Angren Mashal Servis MCHJ rahbariga U.T.ga shamol elektr stansiyalari qurish uchun 200 gektar yer maydonini olib berishni aytgan. Evaziga 200 ming dollar so‘ragan.

Fuqaro kelishilgan summaning yarmi, ya’ni 100 ming dollarini restoranlarning birida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ushlangan. Shuningdek, tadbir davom ettirilib, hokim o‘rinbosari ham qo‘lga olingan.

Jinoyat ishlar bo‘yicha Yangiobod tuman sudi hukmiga ko‘ra, Q.M.ga bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari (132 mln so‘m) miqdorida jarima va 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishi jazosi tayinlandi.

Sobiq hokim o‘rinbosariga esa 3 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari (132 mln so‘m) miqdorida jarima va 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.