O‘zbekistonga 2023-yilda xorijdan 7 millionga yaqin turist keldi. Bu haqda 21-fevral kuni VII “O‘zbekiston gidlari forumi”ning ochilish marosimida Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Ta’kidlanishicha, ularning O‘zbekistonda qolish muddati o‘rtacha to‘rt kungacha uzaygan, bu 2022-yilga nisbatan 1,3 barobarga ko‘p degani.

“So‘nggi ikki yilda qo‘shni mamlakatlardan tashqari, Arab davlatlari va Xitoydan turistlarning kelishi kamida to‘rt barobarga oshdi”, — dedi qo‘mita raisi.

Uning qayd etishicha, 2023-yilda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturiga asosan, hududlarga 21 mln mahalliy sayyoh tashrifi tashkil etildi.

“Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili 810 ta yangi turoperator va turfirma faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Turizm va unga yondosh sohalarda 70 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. 183 ta ta mehmonxona, 215 ta hostel, 356 ta oilaviy mehmon uyi ishga tushdi. Joylashtirish vositalari 5477 taga, o‘rinlar soni esa 142 ming 720 taga yetdi”, — dedi Umid Shadiyev.

Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra esa 2023-yilning yanvar-dekabr oylarida 6,6 mln nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 1,4 mlnga yoki 26,6 foizga oshgan.

2023-yil davomida eng ko‘p tashrif Tojikiston (2 mln 155,2 ming), Qirg‘iziston (1 mln 757,1 ming) va Qozog‘iston (1 mln 333,3 ming nafar)dan bo‘ldi. Sayyoh sifatida Rossiyadan 714,3 ming kishi kelgan bo‘lsa, Turkiyaning ko‘rsatkichi 106,5 ming nafarni tashkil etdi.

Avvalroq ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov O‘zbekistonga 2024-yilda 10 million xorijlik sayyoh kelishi kutilayotgani, mustaqil xalqaro tashkilotlar mamlakatdagi turizmni rivojlantirish holatini barqaror deb baholayotganini ta’kidlagan edi.