O‘zbekiston elchixonasida Ispaniya Senatining qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va oziq-ovqat bo‘yicha komissiyasining oziq-ovqat masalalari bo‘yicha spikeri Antonio Luengo hamda BioGreen Road kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligida suv resurslarini boshqarish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Senator Antonio Luengo Ispaniyaning qurg‘oqchil mintaqalaridan biri, yog‘ingarchilik kam, tuprog‘i toshloq bo‘lgan Mursiya provinsiyasi ham xuddi O‘zbekiston kabi ekinlarni sug‘orish uchun suv resurslari yetishmasligi muammosiga duch kelayotganini ma’lum qildi.

Foto: “Dunyo” AAFoto: “Dunyo” AA

Ispan tomoni BioGreen Road kompaniyasining suvni gelga makromolekulyar aylantirish texnologiyasi taqdimotini o‘tkazdi. Ushbu texnologiya atrofda namlik pufakchalarini hosil qilish orqali yer qa’ridagi tuz konlarini o‘simliklar ildizidan uzoqlashtirish imkonini beradi, ularni va suv iste’molini 50 foizga kamaytiradi va uni ildiz qatlamining yuzasi uchun saqlaydi.

Qayd etilishicha, suv tanqisligi kuzatilayotgan Mursiya provinsiyasida oddiy sug‘orish rejimida 1 gektar maydonni sug‘orish uchun suv sarfi o‘rtacha 5,5 ming kubometrni tashkil etadi. Tomchilatib sug‘orishdan foydalanganda suv sarfi 4 ming kubometrgacha, BioGreen Road texnologiyasidan foydalanganda esa 2 ming kubometrgacha kamayadi.

Provinsiyada O‘zbekistonda bo‘lgani kabi dala sharoitida ko‘kat va mevalar yetishtirishda ushbu texnologiyadan foydalanish hosildorlikni 10 foizdan oshishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida yaqin vaqt ichida BioGreen Road kompaniyasi vakillarining O‘zbekistonga ishchi safarini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.