20-fevral kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Prezident yosh kadrlari zaxirasi forumida ishtirok etib, mamlakatdagi yosh kadrlarga murojaat qildi, deya xabar bermoqda Qozog‘iston rahbarining matbuot xizmati.

Bugungi kunda Qozog‘istondagi Prezident yosh kadrlari zaxirasida 400 nafar mutaxassis bor. Ularning 280 nafari yoki 70 foizi markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlangan. Yana ko‘pchiligi esa kvazi-davlat sektorida va biznesda faoliyat olib boradi. Kadrlar ochiq va shaffof tarzda tanlab olinadigan bunday zaxirani shakllantirish g‘oyasi prezident Toqayevning saylovoldi dasturida nazarda tutilgan edi.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatiFoto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Toqayev o‘z murojaatida dastlab davlat xizmatining jozibadorligini oshirish uchun xususiy sektor bilan raqobatbardosh ish haqini belgilash zarurligini ta’kidladi.

“Men, qoida tariqasida, ertalab soat 8−9 dan kechki 8−9 ga qadar ish joyida bo‘ladigan davlat xizmatchilari ish haqi va mukofotlar bilan cheklanmasdan ma’lum moddiy kompensatsiya olishlari kerak deb hisoblayman. Masala dolzarb. Biz uni davlat xizmatchilari foydasiga hal qilamiz. Uy-joy masalasini ham shunga yarasha hal qilish kerak. Bu borada Singapur va boshqa mamlakatlar tajribasiga e’tibor qaratish o‘rinlidir. Davlat boshqaruvi tizimida samarali yondashuv va usullarni ko‘rib chiqish zarur”, — dedi u.

Shu bilan birga, Qozog‘iston yetakchisi mamlakatda adolatli davlat va inklyuziv jamiyat barpo etilayotgani, shu sababdan davlat xizmatida gender muvozanatini ta’minlash masalasi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

“Davlat apparatida xotin-qizlarning ulushi qariyb 55 foizni tashkil etishiga qaramay, boshqaruv tarkibida bu ko‘rsatkich pastroq — 39 foizni tashkil etadi. Mening davlat xizmatidagi katta tajribam ayollarni jalb qilish kerakligini ko‘rsatadi. Birinchidan, ayollar baribir mehnatga e’tiborliroq, ular ishiga puxtaroq yondashadi va korrupsion amaliyot va harakatlarga moyil emas, desam bu erkaklarni ranjitmaydi deb o‘ylayman. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining statistik ma’lumotlari ayollarning o‘zini mas’uliyatliroq tutishini ko‘rsatmoqda. Sezilarli nomutanosiblik siyosiy amaldorlar orasida kuzatilmoqda, ularning 10 foizdan kamrog‘i ayollar. Davlat xizmatidagi yoshlar ulushida ham nomutanosibliklar mavjud. Davlat xizmatida xotin-qizlar, yoshlar va nogiron fuqarolar sonini ko‘paytirish zarur. Xususan, ularga rahbarlik lavozimlarida ishlashlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berish kerak”, — dedi Qasim-Jomart Toqayev.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatiFoto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Qozog‘iston yetakchisi, shuningdek, hali ham davom etayotgan jamoaviy ko‘chib o‘tishlar amaliyotini tanqid qildi. Shu munosabat bilan Prezident administratsiyasi va Davlat xizmati ishlari agentligiga mazkur masalani qattiq nazoratga olish, bunday amaliyotlarning oldini olish bo‘yicha qat’iy topshiriq berdi. Barcha sektorlarda yoshlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan keladigan barcha ishni qilishini aytdi.

“Sizdan umidlarim katta. Iqtisodiyot, davlat xizmati va shu kabi qaysi soha bo‘lsin, barchasida faoliyatingizni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman. Siz ulg‘ayasiz, biz qariymiz. Bu juda normal holat. Vaqt keladi, biz sizga o‘rin bo‘shatamiz. Biz nafaqaga chiqamiz, siz esa bizning o‘rnimizga kelasiz. Lekin siz davlatingizga, vatanimizga xizmat qilishga tayyor bo‘lishingiz kerak. Biz juda og‘ir davrga kirib boryapmiz, xorijda qanday notinchliklar bo‘layotganini ko‘rib turibmiz”, — dedi Qozog‘iston prezidenti.