Surxondaryo va Navoiy viloyatlari hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi. Bu haqda hokimliklarning matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, Jo‘rayev Sherali Xolmaxamadovich Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Sherali Jo‘rayev. Foto: Surhondaryo viloyati hokimligiSherali Jo‘rayev. Foto: Surhondaryo viloyati hokimligi

U 1984-yil Oltinsoy tumanida tug‘ilgan. 2007-yilda Termiz davlat universitetini, 2010-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — amaliy matematika, moliya, davlat boshqaruvi.

Sherali Jo‘rayev mehnat faoliyati davomida tuman hokimining o‘rinbosari, viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida mehnat qilgan.

Mazkur lavozimga tayinlangunga qadar 2023-yildan buyon Surxondaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.

Shuningdek, G‘afforov Elbek Istamovich 2024-yil 19-fevraldan Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Elbek G‘afforov. Foto: Navoiy viloyati hokimligiElbek G‘afforov. Foto: Navoiy viloyati hokimligi

Tayinlovga qadar Navoiy viloyat Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritgan.

Ma’lumot uchun, Elbek G‘afforov 1989-yilda Navoiy viloyati, Xatirchi tumanida tug‘ilgan. 2011-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutining “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishini tamomlagan.