“Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuniga qo‘shimcha kiritildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Unga ko‘ra, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Senat raisi bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra:

  • Senat a’zolari (senatorlar) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — to‘rt kishidan saylanadi.
  • Senatning to‘qqiz nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan prezident tomonidan tayinlanadi.

Shuningdek, Senat va uning organlari majlislarida Markaziy bank boshqaruvi raisi ishtirok etishi mumkin.

Bundan tashqari, bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Qonunchilik palatasining Spikeri bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.

Qonunchilik palatasining deputati bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, deputatga va senatorga 36 ish kunidan iborat haq to‘lanadigan har yilgi mehnat ta’tili beriladi. (Bundan qonunchilikda ko‘proq muddatli ta’til nazarda tutilgan hollar mustasno)

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.